Poytaxtimizda mamlakat chempionati nihoyasiga yetdi

193

FOTOREPORTAJ

Avval xabar qilinganidek, poytaxtimizdagi «Paxtakor» qilichbozlik sport majmuida 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida qilichbozlik bo‘yicha O‘zbekiston chempionati yakuniga yetdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 90 nafarga yaqin sportchi bir hafta davomida qilichbozlikning shpaga, rapira va sablya yo‘nalishidagi yakkalik hamda jamoaviy bellashuvlarda chempionlik uchun kurash olib bordi.

Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, yakkalik bahslarida Karina Qurbonova (Milliy klub) oltin medalga sazovor bo‘ldi. 2-o‘rin Darina Bobojonova (Toshkent)ga nasib etdi. 3-o‘rinni esa Viktoriya Tarshilova (Toshkent) hamda Dilnaz Usnatjonova (NOPSTM)lar bo‘lib olishdi. O‘g‘il bolalar bahsida Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchisi Shonnazar Obilovga teng keladigani topilmadi. 2-o‘ringa milliy klub sportchisi Saidibrohim Olimov ko‘tarildi. 3-o‘rinni Nurkeldi Nurganboyev (NOPSTM) va Azizbek Karimboyev (Toshkent) egalladi.

Jamoaviy bahslarda «Toshkent-2» qizlari g‘oliblik shosupasining eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi. «Qoraqalpog‘iston-1» 2- va 3-o‘rin «Toshkent-1», «Qoraqalpog‘iston-2» jamoalariga nasib etdi. O‘g‘il bolalar bahsida 1-o‘ringa «Qoraqalpog‘iston-1» yigitlari ko‘tarildi. Keyingi o‘rin «Toshkent-1» jamoasiga loyiq ko‘rildi. 3-o‘rinni esa «Qoraqalpog‘iston-2» hamda «Qoraqalpog‘iston-3» sportchilari olishdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan diplom, medallar sohibi bo‘ldi.

Muhammad AMIN(surat),O‘zA