Vatan himoyasi ishonchli qo‘llarda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Vatan oldidagi muqaddas burchini bajarishga otlangan yigitlarni muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Unda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, nuroniy va oqsoqollar hamda chaqiriluvchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari polkovnik Azizjon Nabiyev va boshqalar Vatanni himoya qilishdek muqaddas va sharafli burchni bajarishga shay turgan o‘g‘lonlarga bukilmas iroda, so‘nmas matonat va kuch-g‘ayrat tiladi.
Ta’kidlash joizki, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 2025 yilning 29 fevral kuni “O‘zbekiston fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq shu yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi belgilangan.
Kuzatuv marosimida Nukus garnizoni harbiy orkestri hamda madaniyat xodimlari tomonidan kuylangan kuy va qo‘shiqlar yurt himoyasiga otlangan yigitlarga xushkayfiyat ulashib, safar oldidan ko‘ngillarini ko‘tardi.
Barcha sinovlardan o‘tib, ma’nan va jismonan sog‘lom ekanligini isbotlagan yigitlar O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi qo‘shinlariga yo‘l oldi. Vatanni ishonchli himoya qilishga va’da bergan o‘g‘lonlar harbiy xizmatni o‘tash uchun “Nukus” temir yo‘l vokzalidan jo‘nab ketishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA