Mo‘ynoqda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda

155

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Mo‘ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.

Boshqarma rahbariyati mas’ulligida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan tumanda olib borilgan tahliliy o‘rganish ishlari natijasida, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish lozim bo‘lgan ob’ektlar va manzillar ro‘yxati shakllantirildi. Mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda tumanning “Mo‘ynoq” va “Aral” fuqarolar yig‘inlaridagi ko‘chalar, “Uch soy” ovul fuqarolar yig‘inidagi yo‘l yoqasi beton ariqlari, piyodalar yo‘laklari tozalanib, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, mazkur tumanning “Hokim ota” qabristoni atroflari obodonlashtirilib, 250 tup cho‘lga chidamli qayrag‘och ko‘chati ekildi.

Bundan tashqari, “Qozoqdaryo”, “Madeli”, “Bo‘zatov” “Hokim ota” va “Qizil jar” ovul fuqarolar yig‘inlarini suv bilan ta’minlash maqsadida ichki kanal va ariqlarni tozalash hamda betonlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Suv xo‘jaligiga tegishli “Madeli” ovuldagi 2,7 kilometrlik ichki “Porlitao‘” kanalining 1,8 kilometri tozalandi. Ushbu ishlarning barchasida boshqarma xodimlari mo‘ynoqliklarga kamarbasta bo‘lmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar negizida Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tashabbusida belgilangan ezgu maqsadlar joy olgan. Umumxalq Navro‘z bayrami arafasida amalga oshirilayotgan ishlar tumanda kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri