Xayriya tadbirlari davom etmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlatimiz rahbarining “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, ehtiyojmand hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish, oilaviy rishtalarni mustahkamlash, hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oilalarga, yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun “Bolalarga bering dunyoni” deb nomlangan xayriya tadbiri o‘tkazildi. Saudiya podshohligi ko‘mak va xayriya ishlari markazi tomonidan yuborilgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat xayriya yordami 461 ta kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisidan ayrilgan, nogironligi bo‘lgan oilaga tarqatildi.
Ushbu ezgu tashabbus “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shuningdek, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan beg‘araz berilgan oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan Ramazon sovg‘asi Orolbo‘yi hududida yashovchi ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj 700 ta oilaga xayriya qilindi.
– Muborak Ramazon oyida bunday xayriya tadbirlari shahar va tumanlarda ham davom etmoqda, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston filiali rahbari Islambek Tajetdinov. – Yaqin kunlarda nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga iftorlik dasturxoni yozish xayriya tadbirini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri