Xitoy tashqi ishlar vazirining matbuot anjumani

Pekinda 11 martga qadar davom etadigan mamlakatning oliy qonun chiqaruvchi organi – Butunxitoy xalq vakillari sessiyasi doirasida tashqi ishlar vaziri yillik matbuot anjumani o‘tkazildi. “Sinxua” axborot agentligi yozishicha, mazkur anjumanda yuqori martabali mulozim dunyoda, jumladan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yuzaga kelgan vaziyat, BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi, qo‘shni Hindiston bilan munosabat va boshqa qator global masalalarga to‘xtaldi:
– AQSHning Hind-Tinch okeani strategiyasi mintaqaga foydadan ko‘ra, ko‘proq zarar keltirdi, – deydi Chin yurti tashqi siyosat idorasi rahbari. – Asr boshidan buyon Osiyo jadal o‘sish sur’atini saqlab, global taraqqiyotning qaynoq nuqtasiga, tinchlik va barqarorlik vohasiga aylandi. Osiyo Xitoy va mintaqadagi boshqa davlatlarning umumiy uyidir.
Qo‘shma Shtatlar mintaqada o‘rta masofaga uchuvchi raketalarini joylashtirishiga Xitoy keskin qarshi. Mintaqa davlatlari ham bu tashabbusni olqishlamaydi.
Amerika ko‘p yillardan beri “Hind-Tinch okeani strategiyasi”ni ilgari surmoqda. Bu nima degani? Mintaqada mojaro qo‘zg‘atish va sun’iy ravishda kelishmovchilik keltirib chiqarishdan boshqa narsa emas.
Osiyo yirik davlatlar o‘rtasidagi o‘yin maydoni emas, balki xalqaro hamkorlik uchun namunaga aylanishi kerak.
Van I o‘zaro munosabatdagi bir-biriga zid ayrim qarashlarga to‘xtalarkan, Agar okean ortidan bosim o‘tkazilishi davom etsa, Xitoy qat’iy javob choralari ko‘rishini yuildirdi:
– Xitoy va AQSH bir-biriga bog‘langan va teng huquqli. Hamkorlik yo‘li tanlansa, o‘zaro manfaat ko‘ramiz. Doimiy bosim bo‘lsa, Xitoy albatta qat’iy qarshi choralar ko‘radi.
Shu bilan birga Xitoy munosabatlarimiz barqaror, sog‘lom va mustahkam rivojlanishi uchun harakatni davom ettiradi.
Diplomat Xitoy va Yevropa munosabatiga to‘xtalib, muammolarni hal qilish imkoniyati kengligini ta’kidladi:
– Xitoy Yevropaga hamon ishonch bildiradi va ko‘hna qit’a ham biz tayanadigan hamkorga aylanishi kerak. Ikki tomon do‘stona maslahatlashuv orqali mavjud masalalarni to‘g‘ri hal qilish qobiliyatiga hamda yetarli donolikka ega.
Xalqaro vaziyat jiddiy tus olishi va murakkablashishi asnosida Xitoy va Yevropa ham strategik aloqani faollashtirishi, o‘zaro strategik ishonchni kuchaytirib borishi kerak.
Vazir Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy rolini mustahkamlash, tuzilmaning nufuzli vakolatini himoya qilish zarurligini ham ta’kidladi:
– BMT sinovdan o‘tib, o‘z o‘rnini topgan. Qarama-qarshilik qancha keskinlashsa, Tashkilotning markaziy rolini mustahkamlash shunchalik dolzarblashaveradi. Inqiroz kuchayishi bilan jamoaning munosib nufuzini himoya qilish sharti ahamiyat kasb etib boradi.
Mulozim Xitoy – Hindiston ziddiyatiga to‘xtalib, chegara masalasi o‘zaro munosabat xususiyatini belgilamasligi kerakligini ta’kidladi:
– Ikki qadimiy sivilizatsiya vakillari sifatida biz adolatli va oqilona yechimga kelishimiz shart. Biz chegara hududida tinchlik, osoyishtalikni saqlab qolish uchun yetarli donolik va qobiliyatga egamiz. Chegara muammosi bilan bog‘liq o‘ziga xos kelishmovchilik umumiy munosabatga ta’sir etmasligi kerak. Shu tamoyilga qat’iy amal qilishimiz kerak.
Ma’lumki, Hindiston va Xitoy o‘rtasida shimoli-sharqiy Arunachal-Pradesh shtatidagi qariyb 60 000 kvadrat kilometr yer, shuningdek Kashmir shimolidagi tog‘li hudud bo‘yicha ko‘p yillik bahs yechilmagan.
2024 yil oktyabr oyi oxirida Nyu-Dehli va Pekin Ladaxdagi Haqiqiy nazorat chizig‘i bo‘ylab patrullik qilish tartib-qoidasi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Keyinroq Hindistonning “Ani” axborot agentligi harbiy manbalarga tayanib, har ikki armiya mintaqadan qo‘shinlarini olib chiqib ketgani haqida xabar tarqatdi.
S.Rahimov,O‘zA