46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga tayyorgarlik masalasi muhokama qilindi

722

2026 yili qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida shaxmat bo‘yicha 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi o‘yinlari tashkil etiladi.

Har ikki yilda bir marta dunyoning 200 ga yaqin eng kuchli shaxmat jamoalari ishtirokida o‘tadigan mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tashkil etish maqsadida davlatimiz rahbarining “2026 yil O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori qabul qilingan.

Sport vazirligida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov hamda tegishli vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda ushbu nufuzli olimpiadani yuqori darajada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususan, tegishli vazirlik va idoralarning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati muhokama qilindi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidenti Arkadiy Dvorkovich 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining O‘zbekistonda o‘tkazilishi muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Mamlakatimiz yosh shaxmatchilarining xalqaro maydonda erishayotgan natijalari e’tirof etdi.

O‘z navbatida, sport vaziri A.Ikramov o‘tgan qisqa fursatda shaxmat olimpiadasiga hozirlik ko‘rish bo‘yicha “yo‘l xarita” ishlab chiqilgani, har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklanganiga to‘xtalib o‘tdi.

Shaxmat olimpiadasini o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan qaror ijrosi xususida daxldor tashkilot va mutaxassislarning xususan, yig‘ilishda onlayn tarzda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimligi vakillari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutaxassislarining hisobotlari tinglandi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA