Futbol: kelgusi rejalar muhokama qilindi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi murabbiylar kengashining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston U-20 terma jamoasining Osiyo kubogiga tayyorgarligi hamda musobaqadagi ishtiroki muhokama qilindi.
Farhod Nishonov boshchiligidagi murabbiylar shtabi tomonidan jamoa olib borgan yig‘inlari, seleksiya, tibbiy, ruhiy va jismoniy tayyorgarlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.

O‘z navbatida, murabbiylar kengashi a’zolarining O‘zbekiston U-20 terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi.
Jamoa oldiga qo‘yilgan Jahon chempionatiga chiqish vazifasi bajarilmagan bo‘lsa-da, Osiyo kubogi musobaqasida orttirilgan tajriba va xatolar ustida ishlash kelgusi yutuqlarga omil bo‘lishi aytib o‘tildi.

U-20 terma jamoasi mazkur yosh toifasidagi davr bo‘yicha musobaqalardagi ishtirokini yakunladi. Jamoa futbolchilari O‘zbekiston U-23 terma jamoasi asosini tashkil qilib, “Los-Anjeles”da o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik olib boradi.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzodlar tegishli mutaxassislar va mutasaddilar tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng e’lon qilinishi ta’kidlandi.


T.Ro‘ziyev, O‘zA