Deputat bilan uchrashuvlarda muammolarga yechim topildi

Ayni kunlarda joylarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zlari saylangan hududlarda saylovchilari bilan uchrashmoqda.
Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratovaning ham saylovchilar bilan uchrashuvining dastlabki manzili eng chekka hududlarning biri bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumanida tashkil qilindi. Xalq vakili ijtimoiy soha ob’ektlaridan Qo‘ng‘irot tumanida yangidan qad ko‘targan “Klinika alyan” xususiy tibbiyot klinikasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda so‘nggi yillari barcha sohalar singari tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa, chekka hududlar aholisining salomatligini mustahkamlash yo‘lida qilinayotgan ishlar, shu jumladan, zamonaviy binolarning qad ko‘tarilishi bu borada muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bundan tashqari, deputat keng jamoatchilik vakillarini muborak Ramazon oyi bilan samimiy tabriklab, barcha ezgu tilaklarni bildirdi.
So‘ng xalq vakili mazkur markazda bemorlar uchun yaratilgan qulayliklar, tibbiyot xodimlarining ish faoliyati hamda markazning moddiy-texnik bazasi bilan tanishdi. O‘rganishlar davomida tibbiyot maskaniga qo‘shni Qonliko‘l va Shumanay tumanlari aholisi ham kelib zamonaviy apparatlardan tekshiruvdan o‘tayotgani e’tirof etildi.

Xalq vakilining keyingi manzili “Talliq” mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘ldi. Mahalla ahli bilan bo‘lgan samimiy suhbat jarayonida deputat mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, tinchlikni asrash, har bir xonadon, fuqaro bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, aholini qiynab kelayotgan muammolar bo‘yicha ularning murojaatlari, fikr va takliflari ham tinglandi.
Saylovchilarning hududdagi ichimlik suvi, suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlik kabi o‘ndan ortiq murojaati tinglandi va mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Deputat tomonidan aksariyat muammolar shu yerning o‘zida tuman Kengashi deputatlari, mahalla yettiligi va tegishli soha vakillari bilan hamkorlikda muhokama qilinib, ichimlik suv muammosi joriy yil dasturiga kiritilishi va yil yakuniga qadar ijobiy hal qilinishi, ichki yo‘llarni ta’mirlash masalasi tuman Obodonlashtirish boshqarmasi bilan birgalikda hal etilishiga kelishib olindi.

Shuningdek, qonunchilik palatasi deputati Guljan Xalmuratova tuman Kengashi deputatlari bilan ham uchrashdi. Muloqotlar chog‘ida partiyaning mahalliy Kengash deputatlari faoliyatini kengaytirish, jamoatchilik nazorati tadbirlarini kuchaytirish, ijtimoiy sohalardagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida sessiyalarga masalalar kiritib borish, deputatlik so‘rovlarini tashkil etish kabi bir qator masalalar ham e’tibordan chetda qolmadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati shuningdek, Qonliko‘l, To‘rtko‘l tumanlari va Nukus shahrida bo‘lib, aholi bilan ham uchrashdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri