Tomorqa: mehnatdan kelsa boylik…
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida “Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminar ishtirokchilari dastlab tumandagi “Jayxun” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Nukus Dilisha”mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan ishga tushirilgan “Un ishlab chiqarish” loyihasining ochilishida ishtirok etdi.

Bundan so‘ng, seminar ishtirokchilari “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘inidagi Mahmud Narbayev tomonidan tomorqa va dehqon xo‘jaligida tashkil qilingan issiqxona, shuningdek, “O‘rta qal’a” ovul fuqarolar yig‘inida tomorqasidagi 1 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxonadan mo‘l hosil olayotgan Rustam Yusupovning faoliyati bilan tanishdi.

Seminar davomida “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida nihol ko‘chatlarini ekish tadbiri tashkil etilib, unda 2 gektar yer maydonga yaxshi niyatlar bilan mevali nihollar ekildi. Unda yoshlar, nuroniylar, respublika, shahar va tuman sektor rahbarlari ishtirok etdi.

Bundan keyin, “Chordara” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan aholiga 12 ta yo‘nalishdagi xizmat ko‘rsatish hamda 1 gektar maydonda tashkil etilgan issiqxona faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu yerda ishtirokchilar aholining tomorqa maydonlaridan daromad olishiga ko‘maklashishga qaratilgan chora-tadbirlar, olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, tadbir davomida faol tomorqa egalari va fermer xo‘jaliklari rahbarlariga maxsus texnikalar topshirildi.
Tumandagi so‘lim maskanlarning birida Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan “Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” tizimi yuzasidan vazifalarni belgilab olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari U.Muhammadiyev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova so‘zga chiqdi.
Yig‘ilishda joylardagi og‘ir sharoitdagi mahallalarni obod qilish, aholining tomorqadan samarali foydalanish madaniyatini oshirish, “Bir mahalla – bir mahsulot” mezoni asosida ishlarni tashkil etish va fuqarolar tomonidan kooperatsiyalar tuzilishiga ko‘maklashish, eng asosiysi, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha dolzarb masalalar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoybergenov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri