Mobil malaka oshirish xizmatlari joriy etilmoqda

224

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markaziga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mobil malaka oshirish xizmatlari negizida tashkil etilgan avtobus olib kelindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, joriy yilning 1 martidan boshlab tajriba-sinov tariqasida respublikaning olis va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini joriy etish belgilangan.

Mazkur avtobuslar “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga ko‘maklashish” loyihasi doirasida Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan jihozlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 14 nafar  muallimga mashg‘ulot o‘tkazishga mo‘ljallangan o‘quv joylari, 10 ta NR rusumli noutbuk, bitta 65 dyumli interaktiv monitor, yozuv doskasi, 1 ta internet tarqatuvchi qurilma (WI FI router) bilan jihozlangan. Ushbu avtobuslardan olis va chekka hududlarda joylashgan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni uzluksiz kasbiy rivojlantirish (“Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”) tadbirlarini tegishli hududlarga borgan holda trening, seminar va boshqa shakllarda tashkil etish maqsadida foydalaniladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar Maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’limning uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash, maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, sohada faoliyat yuritayotgan xususiy sektor vakillarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayoniga innovatsiyalarni, ilg‘or pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri