Hamkorlik memorandumi imzolandi

211

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektori Quvondiq Qodirov xizmat safari doirasida Qozog‘iston Respublikasining eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universitetiga tashrif buyurdi.

Universitetning boshqaruv raisi, rektor Janseyit Tuymebayev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, investitsiyaviy aloqalar bilan bir qatorda oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi.

Suhbat jarayonida ikki oliy ta’lim muassasasi rahbarlari hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidlab, akademik mobillik, ikki diplomli qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, institutda Al-Farobiy universiteti filialini ochish, xalqaro va mahalliy grant loyihalarida ishtirok etishda professor-o‘qituvchilarning hamkorlikda faoliyat olib borishi kabi masalalar bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida so‘z bordi.

Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi.

Al-Farobiy universiteti rektori Janseyit Tuymebayev tuzilgan memorandum ikki oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishi ekanligini ta’kidlab, kelgusida ilmiy-pedagogik yo‘nalishdagi ishlarni mustahkamlashga asos bo‘lishiga ishonch bildirdi. O‘z navbatida, institut rektori Quvondiq Qodirov yuksak ehtirom uchun universitet rektoriga minnatdorlik bildirib, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar ikki oliy ta’lim muassasasining rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida tomonlar bildirilgan fikr-mulohaza va takliflarni samarali amalga oshirish bo‘yicha birgalikda qilinadigan ishlarni belgilab oldi.  Shundan so‘ng mehmonlar universitetda ilmiy-ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan “Farabi Hub” innovatsion markaz faoliyati bilan tanishdi. Bu yerdagi keng ko‘lamli ma’lumotlarni qayta ishlash, sun’iy intellekt, robototexnika va boshqa yuqori texnologik sohalarda qo‘llaniladigan texnologiyalar va uskunalar institut delegatsiyasi a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Shu bilan birga, Xitoy Xalq Respublikasi, Fransiya va Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan innovatsion loyihalar bilan tanishib, institut professor-o‘qituvchilarini ushbu markazda tajriba almashish va malakasini oshirish hamda hamkorlikda ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri