Milliy qo‘shiqchilik san’ati yo‘lidagi fidokorona ijodning yuksak e’tirofi
Milliy qo‘shiqchilik san’atimizning tolmas targ‘ibotchisi, O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov o‘zining jo‘shqin qo‘shiqlari, o‘ziga xos ijro uslubi bilan san’at muxlislari e’tiborini qozongan. Shu kunlarda san’atkor qutlug‘ 75 yoshini qarshilamoqda.
Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida xonanda, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov tavallud sanasi munosabati bilan katta konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Musiqiy oqshomga milliy qo‘shiqchilik san’atimiz muxlislari, mo‘’tabar onaxon va otaxonlar, musiqasevar yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubovni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, G‘ulomjon Yoqubov milliy qo‘shiqchilik san’atimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mukofotni san’atkorga topshirdi.
G‘ulomjon Yoqubov 60 yildan buyon san’at yo‘lida xizmat qilib kelmoqda. U 45 yildan ortiq O‘zbekiston filarmoniyasida mehnat qilib, xalqimiz uchun manzur bo‘ladigan qo‘shiqlar yaratdi. Uning qo‘shiqlari mamlakatimiz hududidan olislarda ham bugun jarang sochmoqda. G‘ulomjon Yoqubovning qat’iy tartib-intizomi, san’atkor odobiga rioya etishi, eng chekka hududlarda ham xalqimizga sidqidildan xizmat qilishi diqqatga sazovor.
Darhaqiqat, milliy qo‘shiqchiligimiz rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilgan san’atkorlar faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning boy ijodiy tajribasi san’at yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari, bolalar musiqa maktablarida ommalashtirilmoqda.
Musiqa oqshomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov G‘ulomjon Yoqubovning o‘ziga xos ijod yo‘li haqida atroflicha fikr bildirdilar. U har yili tavallud ayyomi arafasida muxlislariga katta konsert dasturini taqdim etishi, ijodda betakror maktab yaratgani, o‘z ortidan ko‘plab shogirdlarni ergashtirib kelayotgani e’tiborga molik.
G‘ulomjon Yoqubov uzoq yillardan buyon milliy qo‘shiqchilik rivoji yo‘lida samarali ijod qilib kelmoqda. O‘zbek san’atini yurtimiz va xorijda targ‘ib etishda ustoz san’atkorning ham faol hissasi bor.
–G‘ulomjon Yoqubov mumtoz maqom yo‘nalishida ham mahorat bilan kuylaydi, – dedi O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva. – Ortidan ko‘plab yoshlarni ergashtira olgan ustoz san’atkorga ijod zavqi doim yor bo‘lishini tilaymiz.
–G‘ulomjon Yoqubov qaysi davraga kirsa, o‘sha davraga albatta fayz kiradi, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – Uning odobi, muomala madaniyati, sahna madaniyati, tomoshabinlarga hurmati yoshlarga namunadir. Prezidentimizning san’at rivojiga ko‘rsatayotgan cheksiz e’tibori G‘ulomjon Yoqubov mehnatlarining shunday yuksak e’tirofida ham namoyon bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘ulomjon Yoqubov Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini 1973 yilda tugatgan. Jizzax musiqali drama teatrida (1973—1974), O‘zbek davlat filarmoniyasida (1967—1968 va 1974-yildan) yakkaxon xonanda sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Uning repertuari muhabbat, go‘zallik, Vatan mavzuidagi qo‘shiq va ashulalardan iborat. Uning atoqli sozanda va bastakor, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov bilan hamkorlikda yaratgan qo‘shiklari xalqimiz tomonidan iliq kutib olingan. Ustoz san’atkor repertuaridan ozarbayjon, eron, turk, hind, uyg‘ur va boshqa xalqlarning qo‘shiqlari ham o‘rin olgan.
G‘ulomjon Yoqubov milliy mumtoz va estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni ham maromiga yetkazib ijro etadi. Ustoz san’atkor 1985 yilda “Melodiya” ijodiy firmasining “Oltin disk” mukofoti bilan taqdirlangan. Istiqlol yillarida mohir san’atkor “Do‘stlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.
Musiqiy oqshomda mamlakatimizdagi yetakchi badiiy jamoalar, taniqli xonandalar, yosh ijrochilar atoqli xonanda ijodi xususida atroflicha fikr bildirdi.
– Mening san’at yo‘lidagi mehnatlarim shunday e’zozlanganidan juda mamnunman, – dedi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov. – San’atsevar xalqimizga betakror qo‘shiqlar taqdim etish yo‘lida bundan buyon ham o‘z kuch-g‘ayratimni ayamayman.
Tantanali musiqiy kechada Vatanni, mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlar, mehr va sadoqat, insoniylik, go‘zallikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari