Xalqaro seminarlar: qishloq xo‘jaligi barqaror rivojlanmoqda

243

Orolbo‘yining ko‘plab tumanlarida “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan yerlarida barqaror qishloq xo‘jalik tizimlarini rivojlantirish” xalqaro loyihasi doirasida o‘quv seminarlari o‘tkazildi.

Tadbirlar Xo‘jayli, Kegeyli va Amudaryo tumanlarida muvaffaqiyatli o‘tdi. Bundan ko‘zlangan maqsad qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan. Loyiha doirasidagi tadbirlar Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA, BAA), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hamda Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida Abu-Dabi taraqqiyot fondi moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilmoqda. Uch tumanda o‘tkazilgan tadbirlarda tashkilotchilardan tashqari  400 nafardan ortiq fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, olimlar va yoshlar ishtirok etdi.

Mazkur seminarlarda asosan degradatsiyaga uchragan va sho‘rlangan yerlarni tiklash usullari, sug‘orishda suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash, qo‘llaniladigan ekinlar turlarini iqlim sharoitiga moslashtirish hamda qishloq xo‘jaligida resurslardan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tadbirlarning muhim jihatlaridan biri, sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli 12 turdagi urug‘ning tarqatilishi bo‘ldi. Bu mahalliy fermerlarga yangi yetishtirish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.

Seminarlar natijasida mahalliy fermerlar zamonaviy bilimlar va samarali agrotexnologiyalar bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldi. Bu esa hududda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga hamda ekologik muammolarning hal etilishiga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri