Senator so‘rovi bolalar bog‘chalaridagi zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etishga qaratildi

288

Jamiyatda uchrayotgan muammolar, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha parlament nazoratidan tashqari senator so‘rovi instituti ham yo‘lga qo‘yilgan.

Aytib o‘tish kerakki, maktabgacha ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovini oshirish maqsadida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati qo‘llab-quvvatlanib, ularga qator imtiyozlar berildi. Natijada bugungi kunda 38 ming 58  maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shundan 31 ming 139 tasini nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etadi. Hozirda ushbu nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 946 ming 540 nafar bola qamrab olingan.

Sohada ijobiy natijalar bilan birga ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar orqali ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilayotganini ko‘rish mumkin.

Zero, Konstitutsiyaning 26 – moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas, deb belgilangan. 78 – moddaga ko‘ra, bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

Shundan kelib chiqib, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga senator so‘rovi yubordi.

So‘rovda ayrim nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilayotgani qayd etildi. Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Tanzilandiya” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachilari tomonidan ushbu tashkilot tarbiyalanuvchilariga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilgani, Yunusobod tumanidagi “First Daycare” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga skochtlab qo‘ygani aniqlandi.

Bu kabi salbiy holatlarning ko‘payishi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga ko‘rsatilayotgan ta’lim va tarbiya xizmatlari hamda ularga yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Bunday holatlar boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yuz bermayotganiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Senator vazirdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘radi.

N.Abduraimova, O‘zA