O‘zbekistonlik yosh muhandislar Yaponiyada sun’iy yo‘ldosh yo‘nalishida tahsil oladi

140

Bugungi kunda O‘zbekiston kosmik tadqiqotlarni olib borish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tarmoq uchun yetuk kadrlar tayyorlash borasida jahon kosmik bozorining yirik davlatlari, nufuzli agentliklar hamda top universitetlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, “O‘zbekkosmos” agentligi mamlakatda kosmik ta’limni yanada rivojlantirish, yoshlarning texnik – muhandislik, astronavtika va astranomiya kabi yo‘nalishlarda bilim va tajribalarini oshirish maqsadida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Ozarbayjon bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Ana shunday qo‘shma ta’lim loyihalari va dasturlarni amalga joriy qilish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi mutasaddilari hamda Yaponiyaning “Kyushu Institute of Technology” professorlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur institut 1907 yilda faoliyatini boshlagan. Kosmik ta’lim yo‘nalishida institut ko‘plab davlatlar bilan hamkorlik qiladi va muhandis-konstruktorlar guruhini tayyorlab, sun’iy yo‘ldoshlar yaratilishigacha ko‘maklashadi.

Yaponiyaning ilg‘or oliygohlaridan biri hisoblangan “Kyushu Institute of Technology”  bilan imzolangan kelishuv ham 7 nafar yosh muhandis-konstruktorlarni 2 yil davomida magistratura bosqichida kosmik apparatlarni loyihalash, yig‘ish va sinovdan o‘tkazish yo‘nalishida o‘qitish imkoniyatini taqdim etadi.

Bu vaqt oralig‘ida ular yaponiyalik tajribali professorlar bilan birgalikda O‘zbekistonning birinchi ilmiy – texnologik sun’iy yo‘ldoshi “6U Cubsat”ni yaratib, orbitaga uchirishlari reja qilingan.

Qayd etish lozim, mazkur loyihani amalga oshirishda davlatimiz rahbarining “2024 — 2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

N.Rahmonova,

O‘zA