Senatorlar xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga e’tibor qaratmoqda

153

O‘zbekistonning gender tenglik sohasidagi yutuqlari xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda. Jahon banki indeksida mamlakatimiz dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta davlat qatoriga kiritildi.

Ochiq gender ma’lumotlar indeksida O‘zbekiston eng yaxshi 20 davlat qatorida qayd etildi. Parlamentlararo ittifoq tomonidan yuritiladigan “Parlamentdagi ayollar” reytingida esa mamlakatimiz 193 davlat orasida 36-o‘ringa ko‘tarildi.

Bu haqda Oliy Majlis Senatida rahbar ayollar bilan o‘tgan uchrashuv davomida aytib o‘tildi.

Unda senatorlar, davlat va jamiyat boshqaruvidagi xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, olimlar, jamoat faollari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz tashabbusi bilan oxirgi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasida davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilab berilgan.

Shu asosda gender tenglikni ta’minlash maqsadida yuzga yaqin normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Xotin-qizlar masalasida institutsional asoslar takomillashtirilib, mamlakatimizda mahalliy darajadan respublika darajasigacha bog‘langan tizim yaratildi. Ayniqsa, “mahalla yettiligi” tizimi va “Inson” markazlari ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bilan maqsadli ish olib bormoqda. Davlat organlarida gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahat kengashlari tashkil etildi.

Uchrashuvda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki sezilarli darajada oshib borayotgani qayd etildi. Xususan, keyingi yetti yilda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga yetdi. Qonunchilik palatasida bu ko‘rsatkich 32 foizdan 38 foizga, mahalliy Kengashlarda esa 25 foizdan 32,5 foizga oshdi.

Bugungi kunda rahbarlikka tayyorlangan ayollar zaxirasi yaratilgan bo‘lib, ularni tayyorlash maqsadida 2022 yildan “Rahbar ayollar” maktabi ish boshladi. Har yili 100 nafar ayol rahbarlik ko‘nikmalariga o‘qitilmoqda.

Oliy ta’lim muassasalarida ham xotin-qizlar ulushi ortib, bakalavriat va magistraturada ta’lim olayotgan ayollar soni sezilarli darajada ko‘paydi. Olimlar safida xotin-qizlar ulushi oshib, ular uchun doktoranturaga maxsus kvotalar ajratish tizimi joriy qilindi.

Tadbir yakunida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

N.Abduraimova,

O‘zA