YeI bilan hamkorlik Qirg‘iziston tashqi siyosatida ustuvor hisoblanadi

197

Yevropa Ittifoqi bilan har tomonlama hamkorlik va to‘laqonli muloqot Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishidir, dedi respublika tashqi ishlar vaziri Jeyenbek Kulubayev.

Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati jurnalistlarga ma’lum qilishicha, vazir Yevroparlamentning Inson huquqi bo‘yicha quyi qo‘mitasi a’zolari bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolini muhokama qilgan.

– Muzokarada Qirg‘iz Respublikasi Yevropa Ittifoqi bilan qonun ustuvorligi, ta’lim, raqamlashtirish, transport tizimi, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sarmoya va turizm sohalarida faol ishlayotgani ta’kidlandi, – deyilgan xabarda.

Bir kun avval Yevroparlament delegatsiyasi Prezident Sadir Japarov bilan uchrashgan. Yetakchi Bishkek YeI bilan hamkorlikka tayyorligini tasdiqlagan. Shu bilan birga Yevroparlamentning Qirg‘izistondagi vaziyat bo‘yicha rezolyutsiyalarida bir yoqlama va sub’ektiv munosabat sezilib turganidan afsusdaligini bildirgan.