“Biznesni rivojlantirish banki” joriy yilda 10 trln. so‘mdan ortiq kredit ajratadi

212

Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Biznesni rivojlantirish banki” – kichik biznes tayanchi” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Unda bank Boshqaruvi a’zolari, tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Bank mas’ullarining bildirishicha, 2024 yilning 16 dekabr kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar asosida, “Biznesni rivojlantirish banki” kichik biznesni moliyalashtirish, yangi ish o‘rinlari va aholi uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni yanada faollashtirmoqda.

2025 yil 1 yanvar holatiga, bankning  kredit qo‘yilmalari  22 trln. 530 mlrd. 800 mln. so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 730 mlrd. 200  mln. so‘mga yoki 3,3 foizga o‘sishiga erishilgan.

Bank tomonidan  respublika bo‘yicha 229 ta “Mahalla bankiri” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida “Mahallada biznes”, “Mahalla bankiri” kredit mahsulotlari ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Hozirda mazkur mahsulotlar aholi orasida keng targ‘ib qilinmoqda.

“Biznesni rivojlantirish banki” joriy yilda barcha manbalar hisobidan 10  trln. 400 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratishni ko‘zlamoqda.

Jumladan:

“Biznesga birinchi qadam” mahsuloti orqali 300 mlrd. so‘mdan ortiq;

“Mahallada biznes” mahsuloti orqali 150 mlrd. so‘mdan ortiq kredit ajratilishi maqsad qilingan.

Mahallabay ishlash tizimi doirasida 279 ming nafar aholi bandligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Bunda 115 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtiriladi va 164 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilinadi.

Joylarda 1 300 ta uchrashuvlar o‘tkazilib, 25 900 ta mikroloyihalar amalga oshiriladi va dasturlar doirasida 1 trln. 400 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratish ta’minlanadi.

Shuningdek, tashqi manbalardan 357 mln. AQSH dollari miqdoridagi xorijiy sarmoya jalb qilinadi.

Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki”da Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda mijozga yo‘naltirilgan “Mikro, kichik va o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatishning yangi operatsion modeli”ni ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha ishlar boshlangani xabar qilindi.

Qayd etilganidek, OTBning “Inklyuziv moliya sektorini rivojlantirish – moliyaviy vositachilik” dasturi doirasida bankka 50 mln. AQSH dollari miqdoridagi kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu kredit liniyasi ochilsa, bankning kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashdagi moliyaviy imkoniyatlari yanada oshadi.