Britaniya va YeI mudofaani birgalikda moliyalashtiradi

205

Buyuk Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz shu hafta Janubiy Afrikaning Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tadigan G20 yig‘ilishida Yevropa Ittifoqi vazirlari bilan mudofaani moliyalashtirish bo‘yicha umumiy kelishuvga erishish masalasini muhokama qiladi, deb xabar tarqatdi “Financial Times” Buyuk Britaniya g‘aznachiligiga tayanib.

Nashr Polsha moliya vaziri Anjey Domanskiyning so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, bu tashabbus jamg‘arma yoki bank, xususan “qayta qurollanish banki” yordamida amalga oshirilishi mumkin. Gazetaga bergan intervyusida u London bilan muzokara bir necha oydan beri davom etayotgani, Britaniyasiz Yevropa himoyasini “tasavvur qilish qiyin”ligini ta’kidlagan.

Shuningdek, muzokara hali dastlabki bosqichda ekani qo‘shimcha qilingan.

Masaladan xabardor manba ma’lum qilishicha, jamoaviy mudofaa xarajati hafta oxirida Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Birlashgan Qirollik Bosh vaziri Kir Starmer va Norvegiya hukumati boshlig‘i Yonas Gar Styor ishtirokida qizg‘in muhokama qilingan.

Ma’lumki, AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropani NATO mudofaa qobiliyatiga qo‘shayotgan hissasi kamligi uchun doim tanqid qilib keladi. Oq uy rahbari fikricha, Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo davlatlar mudofaa xarajatini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishi kerak.

Qolaversa, so‘nggi kunlarda Tramp Ukraina yetakchisiga qarshi qator xavotirli bayonotlar bilan chiqdi. Ya’ni, Vladimir Zelenskiyni “diktator” deb atadi va saylov o‘tkazishdan bosh tortishda aybladi.

Bunday keskin ayblov hamda Rossiya – Ukraina qarama-qarshiligini to‘xtatish bo‘yicha olib borilayotgan muzokarada na Ukraina va na YeI vakillari ishtirok etmayotgani ko‘hna qit’a vakillarida Trampning siyosati ko‘proq Rossiya manfaatiga xizmat qilayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Kutilganidek, AQSH rahbarining bu hatti-harakatiga Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya ochiq qarshi. Shu bois kuzatuvchilar Yevropaning yetakchi davlatlari birgalikda umumiy mudofaa xarajatini shakllantirish haqida o‘ylayotgani ham shundan, demoqda.

Yaqinda Kiel jahon iqtisodiyoti instituti (IfW Kiel) “Bruegel” tahlil kompaniyasi bilan hamkorlikda YeI xavfsizligi uchun qancha askar zarur bo‘lishi mumkinligini o‘rganib, tegishli xulosani e’lon qildi.

– Yevropa Ittifoqi xavfsizligini AQSH ishtirokisiz ta’minlash uchun 300 ming askar safarbar qilinishi yoki qo‘shimcha 50 ta brigada tuzilishi kerak, – degan ekspertlar AQSH mudofaa masalasida YeIni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi oqibatini tahlil qilarkan.

Bundan tashqari kamida 1400 tank, 2000 zirhli transportyor sotib olinishi, yiliga 2000 ga yaqin uzoq masofaga uchuvchi dron ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi lozim.

Natijada Ittifoqning qo‘shimcha mudofaa xarajati yiliga kamida 250 milliard yevroni tashkil etadi. Bu YAIMning taxminan 3,5-4 foiziga to‘g‘ri keladi. Ta’kidlanishicha, Germaniyaning hozirgi 80 milliard yevrolik yillik mudofaa xarajati 140 milliard yevrogacha oshadi.

Umuman, harbiy muvofiqlashtirish YeIning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Gap shundaki, Yevropa davlatlari qurolli kuchlari Amerika harbiylaridan farqli o‘laroq, alohida mamlakatlar rahbariyatiga bo‘ysunadi.

FT: главы минфинов Великобриtaнии и ЕS обсuдят общее фиnaнсироvaние оborоны — 24.02.2025 — В мире na РЕН ТВ

O‘tgan hafta Myunxenda bo‘lib o‘tgan  xavfsizlik konferensiyasida AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Yevropa davlatlari mudofaa xarajatini oshirish orqali ittifoq doirasidagi yukni adolatliroq taqsimlash zarurligini eslatgan.

Bundan tashqari, G‘arb ommaviy axborot vositalari Tramp ko‘hna qit’adagi AQSH qo‘shinlari sonini kamaytirish niyatidaligi haqida xabarlar tarqatdi. Masalan, kuni kecha Italiyaning ANSA axborot agentligi Yevropadagi diplomatik manbaga tayanib, “AQSH  Yevropadan 20 000 askarini olib chiqmoqchi” deb yozdi.

– Amerika qolgan askarlari uchun ham Yevropa davlatlaridan moliyaviy yordam olishni xohlaydi, chunki bu askarlar to‘xtatuvchi vosita va xarajat faqat amerikalik soliq to‘lovchilar zimmasiga tushishi mumkin emas, – degan tegishli manba.

Oq uy rahbari bu fikrni YeI yetakchilari bilan uchrashuvlarida izchillik bilan bildirgan. Agar ushbu reja amalga oshsa, qit’adagi Amerika qo‘shini taxminan 20 foiz qisqaradi.

Donald Tramp Prezident lavozimiga rasman kirishgandan keyin bir necha bor NATO faoliyatidan noroziligini bildirib, agar yevropalik hamkorlar o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq moliyaviy javobgarlikni zimmasiga olmasa, AQSH tashkilotni tark etishi mumkinligi bilan tahdid qilgan.

S.Rahimov, O‘zA