O‘zbekiston va Pokistonni chuqur tarixiy, boy madaniy meros umumiyligi birlashtiradi
Yangi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yaqin aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar mevasidir. Mamlakatlarimiz Buyuk ipak yo‘li asosida sharq va g‘arb o‘rtasida fikr, savdo-sotiq almashinuvi yuksalgan davrlarga borib taqaladigan umumiy tarixiy merosga ega.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston – Pokiston aloqalari so‘nggi yillarda yangi bosqichga chiqdi. Davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, strategik sheriklikka oid kelishuvlar va hamkorlikka oid bayonotlar buni yaqqol tasdiqlaydi. Har ikki o‘lka mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun qat’iy siyosiy iroda namoyish qilmoqda.
Ayni payt O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
O‘zA muxbiri ushbu muhim voqea munosabati bilan ekspertlar fikrini yozib oldi.
Muhammad Salim Mazhar, Islomoboddagi Milliy til targ‘iboti departamenti bosh direktori, professor:

– Pokiston va O‘zbekiston munosabatlari din, tarix va madaniyat mushtarakligiga asoslanadi. Asrlar davomida ikki mamlakat va xalq bir-birining ma’naviy, intellektual va madaniy yuksalishini boyitib kelmoqda. Bugungi kunda bu aloqalar tarixiy ildizlardan quvvat olib, yanada rivojlanmoqda. Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Iqbol, Mirzo G‘olib kabi buyuk mutafakkir, shoirlar o‘lmas merosi, ma’rifiy qarashlari xalqlarimizni bog‘lovchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir.
Markaziy Osiyoning toji bo‘lgan O‘zbekistondagi qadimiy shaharlarning ulug‘vorligi, abadiy san’ati va ajoyib me’morchiligi tarix bilan hamnafasdir. Ayniqsa, Samarqand va Buxorodan taralayotgan aqliy va ma’naviy hikmatlar Pokiston zaminida yashovchi xalqlar hayotini ham munavvar qilib, chuqur ildiz otgan.
Urdu va o‘zbek tillarida uch mingdan ortiq umumiy so‘z bor. Binobarin, bugungi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi almashinuv ikki davlatning jahon xaritasida suveren hudud sifatida paydo bo‘lishidan ko‘ra ancha qadimiy va teran.
O‘zbekiston va Pokiston rahbarlarining sa’y-harakati tufayli so‘nggi yillarda o‘zaro munosabat strategik sheriklikning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidenti Janubiy va Markaziy Osiyoni birlashtirish tashabbusini faol ilgari surayotgani tahsinga loyiq.
Shunisi aniqki, Islomobod va Toshkent iqtisodiy faollikni oshirish, qo‘shma transport va tranzit loyihalarini ishlab chiqish, tarixiy madaniy va ilmiy aloqalarni tiklash orqali transmintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga har tomonlama tayyor.
Masalan, O‘zbekistonda Pokiston tarixi, madaniyati va san’atiga, xususan urdu tilini o‘rganishga qiziqish tobora kuchaymoqda. O‘z navbatida, Pokistonda ham o‘zbek tili, adabiyoti, mamlakatingiz tarixini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan loyihalar ustuvor ahamiyat kasb etgan.
Panjob universitetida “Bobur merosi markazi”, Peshovar universitetida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha “Alisher Navoiy markazi” faoliyat yuritmoqda. Keyingi yillarda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, umumiy ma’naviy merosimizni birgalikda o‘rganish, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida dadil qadamlar tashlandi.
Bizni quvontirgan jihati, yurtingizda sharqning buyuk shoiri, urdu adabiy tiliga asos solgan buyuk mutafakkir Mirzo G‘olibning hayoti va ijodiy merosi chuqur o‘rganiladi.
Bugungi kunda Pokistonda Naqshbandiya tariqatining 10 millionga yaqin a’zosi va ko‘plab boburshunoslar bor. Buxoro, Samarqand va Andijonning muqaddas qadamjolariga ziyorat qilishi uchun ularga barcha sharoit yaratilgan.
Pokistonlik yoshlar O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni istamoqda. Ikki davlat akademik doiralari o‘rtasidagi samarali hamkorlik va ta’lim sohasidagi almashinuvni yo‘lga qo‘yish Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini chuqurlashtirishga ko‘maklashadi.
Umuman, Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik tobora mustahkamlanib, har ikki davlat taraqqiyotiga ximat qilmoqda. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga tashrifi siyosiy muloqotlarni yanada mustahkamlash, o‘zaro ishonch va anglashuvni oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Sayfiddin Jo‘rayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:

– Mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy gumanitar sohalarda yirik strategik loyihalar amalga oshilmoqda. Buning natijasi sifatida davlatimiz qudrati mustahkamlanib, odamlarimizning turmush farovonligi sezilarni darajada oshib boryapti. Dunyodagi o‘ta qiyin ziddiyatli bir sharoitda davlatimiz har tomonlama asoslangan, uzoq istiqbolga yo‘naltirilgan tashqi siyosat olib bormoqda.
Bu yo‘nalishda Osiyo mamlakatlari bilan teng huquq, o‘zaro manfaat asosiga qurilayotgan munosabatlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Yaqindagina davlatimiz rahbari boshchiligidagi rasmiy delegatsiya Kuvayt davlatida bo‘lib, ko‘pgina samarali muloqotlar olib borgan bo‘lsa, kecha respubikamizga Pokiston Bosh vaziri boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi. Bunday faollik mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqib olganidan dalolat. Iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar jarayonida xalqaro hamjamiyat bilan faol aloqa o‘rnatish orqali yurtimizga investitsiya olib kirish, o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirish, jumladan Pokiston bilan strategik sheriklikni kengaytirish va chuqurlashtirish, ikki va ko‘p tomonlama munosbatni yangi vaziyatdan kelib chiqib boyitish dolzarb kun tartibiga chiqadi.
Bu galgi rasmiy tashrif davomida oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston – Pokiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligiini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin oldi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif ko‘p qirrali O‘zbekiston-Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan Qo‘shma deklaratsiya hamda ikki tomonlama Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tuzish to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladilar.
Ikki mamlakat yetakchilari huzurida Fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Diplomatik pasport egalarining vizasiz safarlari to‘g‘risida bitim, Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Professional ta’lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Yoshlarga oid siyosat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim, shuningdek, diplomatik akademiyalar, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar va ahdlashuvlar hamda boshqa hujjatlar imzolandi.
Ishonamizki, muhokama qilingan mavzular, qabul qilingan qarorlar va imzolangan hujjatlar xalqlarimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘tkir ALIMOV yozib oldi.
O‘zA