1 soniya
2029 yilda olimlar yerning aylanish tezligi oshgani sababli bir soniyani qisqartirishga majbur bo‘ladi. Bu sayyorada birinchi marta sodir bo‘ladigan hodisa. San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti professori Dankan Egnyu olib borgan tadqiqot “Nature” ilmiy jurnalida chop etildi.
Qayd etilishicha, yerning aylanish tezligi doimiy o‘zgarib turadi. Bunga sayyora yuzasida va ichki qatlamlarida kechayotgan jarayonlar sabab bo‘ladi. Masalan, zilzilalar va suv toshqinlari yerning harakatiga ta’sir qiladi. Xususan, yer yadrosining faolligi sayyoraning aylanishini tezlashtiradi. Shu sababli, 2029 yilda olimlar yerning aylanishi tezlashgani hisobiga xalqaro vaqt tizimidan bir soniyani olib tashlashlari kerak bo‘ladi.
Rossiyaning Fiziko-texnik va radiotexnik o‘lchovlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ham yerning aylanish tezligi so‘nggi yillarda g‘ayritabiiy darajada oshayotganini tasdiqlagan. Ularning bildirishicha, ushbu hodisa sabab 2029 yilga borib, xalqaro vaqtdan bir soniya olib tashlash shart bo‘ladi.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA