Qilichbozlarimizning Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyati

173

Kuvayt davlatida qilichbozlik bo‘yicha o‘tayotgan Osiyo chempionatining o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarda qilichbozlikning uchta qurol turi bo‘yicha jamoaviy musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Sablya yo‘nalishi bo‘yicha Karina Qurbonova, Nargiza Utebayeva, Sevara G‘aniyeva va Oygul Shamuratovadan iborat O‘zbekiston qizlar terma jamoasi 12 ta terma jamoa orasida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tayotgan yakkalik bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Musa Aymuratov oltin medal uchun o‘tgan bellashuvda xitoylik Vun Tez Vongni 15:8 hisobida yengdi hamda Osiyoda tengsiz ekanini isbotladi. Ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan yana bir vakilimiz Islombek Abdazov bronza medali bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida: Osiyo birinchiligining kadetlar yosh toifasida tashkil etilgan qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda 16 ta terma jamoa orasida O‘zbekiston o‘g‘il bolalar terma jamoasi kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA