Dzyudo: Toshkent tatamisi shiddatli bellashuvlar ostonasida

184

Yana ikki kundan so‘ng poytaxtimiz Toshkentda dunyoning eng kuchli dzyudochilari ishtirokidagi “Katta Dubulg‘a” turniri boshlanadi.

Xalqaro dzyudo federatsiyasi taqvimidan joy olgan eng nufuzli musobaqada 23 ta davlatning 246 nafar mahoratli dzyudochilari g‘oliblik uchun kurash olib borish uchun talabnomalarni taqdim etgan.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat mazkur turnir joriy yildan e’tiboran “OTP Group Tashkent Grand Slam” deb atalishi belgilandi.

Toshkentda kechadigan nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini 56 nafar sportchi himoya qiladi.

Kuni kecha O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi “Yunusobod” sport majmuasida o‘tkaziladigan uch kunlik turnirda yurtimiz sharafini himoya qiluvchi tarkibni e’lon qildi.

Xalqaro turnirning har bir vaznida 4 nafardan dzyudochimiz bahslarga kirishadi. Toshkent tatamilaridagi bellashuvlarda mahoratli sportchilarimiz Davlat Bobonov (jarohat), Muzaffarbek To‘raboyev, Diyora Keldiyorova singari yetakchi dzyudochilarimiz ishtirok etmaydi.

Toshkentda o‘tadigan xalqaro turnirda ishtirok etish uchun bir qator davlatning terma jamoalari poytaxtimizga yetib keldi. Ular orasida Fransiya, Yaponiya terma jamoalari allaqachon musobaqa oldi mashg‘ulotlarni poytaxtimizda o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “OTP Group Tashkent Grand Slam”  turniri 28 fevral – 2 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA