Har oylik ustama olishga da’vogar ustozlar uchun sinov jarayonlari o‘tkazilmoqda
Bugun izlanuvchan, tashabbuskor, yangi g‘oyalarni ta’lim jarayoniga joriy etishda faollik ko‘rsatayotgan o‘qituvchi va murabbiylar borki, barining ishi qo‘llab-quvvatlanmoqda, alohida rag‘bat va e’tibor ko‘rsatilmoqda.
Bu jihatlar maktab ta’limi tizimida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ishga ijodiy yondashayotgan fidoyi ustozlar ko‘rsatilayotgan ehtiromni o‘z amaliy faoliyatida yaqqol his etmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025 yilda Vazir jamg‘armasi hisobidan har oylik ustama olishga da’vogar ustozlar uchun sinov jarayonlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur jarayonlar 2 bosqichda bo‘lib, bugun 1-bosqich (test sinovlari) bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu test jarayonlari respublikamizning barcha hududlarida real vaqt rejimida, 4 smenada tashkil etilgan.
Joriy yilgi test sinovlari oldingi yillardan farqli ravishda onlayn tarzda o‘tkazilmoqda.
Hozirda 4 ming 500 nafar nomzod ro‘yxatga olingan bo‘lib, joriy yilda har oylik ustama to‘lanadigan malakali pedagog kadrlarning cheklangan soni (yillik) 1 ming 500 nafar etib belgilangan.
Test o‘tkazilgan binolarda ishtirokchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
N.Usmonova, Alimurod Madaminov (surat), O‘zA