“Hamroh” va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha kelishuv imzoladi

271

«Hamroh» Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida «Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi» qo‘shma loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Loyihaning milliy hamkori O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligidir.

Imzolangan shartnomaga ko‘ra, «Hamroh» tadbirkor ayollarga biznes konsaltingdan tortib, ularning loyihalarini amaliy qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan dasturning asosiy ijrochisi hisoblanadi. Inson taraqqiyoti tamoyillariga sodiq bo‘lgan BMTTD strategik hamkor sifatida loyihaga qo‘shiladi hamda biznes uchun mentorlik dasturlari va akseleratsiya tashabbuslari bo‘yicha xalqaro amaliyotni tatbiq etadi.

Tomonlar ikkita asosiy yo‘nalishda ishlashga kelishib oldilar:

– Ta’lim va kasbiy rivojlanish. Bunda tadbirkor ayollar uchun biznesni boshqarish, moliyaviy rejalashtirish va strategik rivojlanishni o‘z ichiga olgan treninglar tashkillashtiriladi. Trening dasturi amaliy keyslarga asoslanadi va ishtirokchilarning real ehtiyojlariga moslashtiriladi.

– Biznes mentorlarini tayyorlash, ular orqali ekspert yordam ko‘rsatish, jumladan, mentorlik va akseleratsiya dasturlari.

Imzolash marosimi davomida «Hamroh» bosh direktori Dilfuza Nurmatova quyidagilarni ma’lum qildi: «Biz barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, gender tengligi va butun dunyo bo‘ylab ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi samarali faoliyati bilan mashhur bo‘lgan BMTTD bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz. Umid qilamanki, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali biz O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli tadbirkor ayollar sonini sezilarli darajada ko‘paytirish, shuningdek, ularning kasbiy o‘sishi va rivojlanishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishga erishamiz».

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii o‘z navbatida shunday dedi:

«Maqsadli qo‘llab-quvvatlanayotgan tadbirkor ayollar nafaqat biznes bilan shug‘ullanmoqda, balki jamiyatni o‘zgartirib, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiryapti hamda yanada inklyuziv kelajakni yaratmoqda. Ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun BMTTD o‘zining xalqaro resurslari va tarmoqlarini ushbu yangi hamkorlik tashabbusiga jalb qilishdan mamnundir».

Ma’lumot uchun

«Hamroh» – O‘zbekistonda ayol tadbirkorlarga bepul maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi ilk kompaniyadir. Shuningdek, kompaniya shaffof shartlar asosida imtiyozli kreditlar olishda ko‘maklashadi. Kompaniyaning maqsadi ayollarni muvaffaqiyatli biznes yuritishga ilhomlantirish hamda ularga to‘siqlarni yengib o‘tish va yuqori natijalarga erishishda zarur bo‘lgan resurslarni taqdim etishdir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) – kambag‘allik, tengsizlik va iqlim o‘zgarishi sababli paydo bo‘lgan adolatsizlikka qarshi kurashda BMTning yetakchi tashkilotidir. BMTTD 170 ta mamlakatda keng ekspertlar va hamkorlar tarmog‘iga ega bo‘lib, sayyoramiz aholisi muammolariga muvofiqlashtirilgan, uzoq muddatli yechimlar taqdim etishni maqsad qilgan.

UzA