Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif Toshkent shahriga kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurdi.

Oliy martabali mehmon Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Pokiston delegatsiyasi vakillariga bu yerda aks ettirilgan siymolar va tarixiy voqealar mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

Bo‘lajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston – Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunida Qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan

Z.JONIBEKOV,

R.NAZARMATOV (surat), O‘zA