Xalqaro maktablar kengashi a’zosi bo‘lgan Yashil bayroqli Prezident maktabi (+video)

149

Nukus shahridagi Prezident maktabi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilib, ushbu yangilik O‘zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish jarayonining yorqin ifodasiga aylandi.

Prezident maktabida respublikaning barcha shahar va tumanlaridan 5-11-sinf o‘quvchilari ta’lim olmoqda va ular besh mahal ovqat, darsliklar va  kiyim-kechak bilan bepul ta’minlangan.

– O‘qish STEM yo‘nalishida Kembrij va mahalliy o‘quv dasturlari asosida qoraqalpoq va ingliz tillarida olib boriladi, – deydi Prezident maktabi direktorining Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Zoya Begmuratova. – Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha besh muhim tashabbusi doirasida bir qator to‘garaklar faoliyat olib bormoqda. “Maktab – o‘quvchilar boshqaruvida”, “Technovation Girls”, “Ekoschools Uzbekistan” loyihalari bo‘yicha Zamin fondi, BMT, UNICEF, UNDP tashkilotlari, vazirlik va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda, iqlim o‘zgarishi, ekologiya masalalarida “Yosh fermer”, “Young Climate Champions”, “Climat box” loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, TexnoPark, IT park, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Temurbeklar maktabi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri, ishlab chiqarish korxonalari, Yoshlar ishlari agentligi, Ekologiya vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Oliy o‘quv yurtlari bilan ham hamkorlik qilib kelmoqda.

Maktab hayoti, o‘quvchilarning ijodi bilan tanishtirib boruvchi “Uchqun” va “Every Green” maktab jurnallari o‘quvchilar tomonidan muntazam ravishda nashr etilmoqda. 2020 yil 30 dekabrda Prezident maktablari Cambridge Assessment International Education akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tib, Nukus shahridagi Prezident maktabi Kembrij maktabi maqomiga ega bo‘ldi. Bu o‘quvchilarga A-Level va AS-Level imtihonlarini maktabning o‘zida topshirib, STEM fanlari bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish va dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarining grantini yutib olish imkoniyatini yaratdi.

2021 yilda maktab o‘quvchisi Zulfiya Qitaybekova IELTS imtihonidan 8,5 ball to‘plab, Qoraqalpog‘istonda yangi rekord natijani qo‘lga kiritdi. Bu natijani 2024 yilda Aynaxon Xo‘jamuratova ham qo‘lga kiritdi. Bunday rekord natija SAT xalqaro imtihonlarida ham yangilanmoqda. 2024-2025-o‘quv yilida 10-sinf o‘quvchisi Sa’dulla Rizayev hamda 11-sinf o‘quvchisi Manzilbek Qarlibayev maksimal 1600 balldan 1 ming 590 ball to‘plab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha yetakchiga aylandi.

Mahalliy va xorijiy ustozlarning o‘qitish jarayonida yangi innovatsion va ilg‘or pedagogik texnologiyalardan samarali foydalanishi tufayli o‘quvchilar yil sayin turli mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni egallab, maktab va mamlakatimiz nufuzini yuqori ko‘tarib kelmoqda. Bunda fan olimpiadalarining asosiy g‘oliblari informatika fanidan ekanligi, maktabda ushbu fanga o‘quvchilarning alohida qiziqishi va sifatli ta’limdan dalolat beradi.

Prezident maktabi o‘quvchilari nafaqat respublika miqyosida, balki jahon arenalarida ham o‘z bilim va mahoratlarini namoyish etmoqda. Jumladan, 2022-2023 o‘quv yili bitiruvchisi Zulfiya Qitaybekova 2022 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasining Italiyadagi elchixonasi va Italiyaning “Global Action” tashkiloti hamkorligida o‘tkazilgan “Diplomacy Education” dasturida g‘olib bo‘lib, Italiya va Yevropa safarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 9-sinf o‘quvchisi Sa’dulla Rizayev 2023 yil 15-18 avgust kunlari Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan “VIII Xirosima yoshlar xalqaro forumi”da O‘zbekiston Respublikasi nomidan muvaffaqiyatli ishtirok etib, Xirosima prefekturasi tomonidan tinchlik elchisi etib tayinlandi.

Prezident maktabi o‘quvchilari o‘z bilimi va iqtidori bilan yurtimizning umidli yoshlari qatorida bir qator davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari bilan ham taqdirlanib kelmoqda. Xususan, Arslonbek Qalboyev “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan, Asadbek Reymbergenov, Umidaxon Habibullayeva, Sa’dulla Rizayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining qaroriga muvofiq “Umid uchquni” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

O‘quvchilarning bunday yutuqlarga erishishiga ularning katta hayotga tayyorlanib borishi, o‘z huquqlarini himoya qila olishi va liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarning yaratilishi asos bo‘la oladi. Prezident maktablarida o‘quvchilar uyushmasi tuzilgan bo‘lib, har yili demokratik usulda raqobatchi nomzodlar o‘rtasida o‘quvchilar uyushmasi prezidenti va uning tarkibini saylash mavsumi qizg‘in bahs-munozaralar bilan o‘tkaziladi. Bugungacha Nursulton Duysenbayev, Arslon Qalbayev, Artur Shamshetdinov, Qunduzay Qalniyazova va Alpomish Qalbayev o‘quvchilar uyushmasi Prezidenti etib saylandi. Shu kungacha maktabni 86 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, shundan 26 nafar bitiruvchi xorijdagi nufuzli oliygohlarda tahsil olmoqda.

O‘quvchilarni turli kasblarga yo‘naltirish va dunyoqarashini yanada rivojlantirish maqsadida ta’lim dargohiga dunyoning eng nufuzli oliygohlarini bitirgan va eng yirik kompaniyalarida ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Bundan tashqari O‘zbekistonning xorijdagi elchilari hamda mamlakatimizdagi xorijiy elchilar, akademiklar, senatorlar, taniqli shoir-yozuvchilar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, sport va madaniyat sohasi xodimlari ham mehmon bo‘lib, o‘quvchilar bilan yaqindan suhbatlashib kelmoqda. Bunday uchrashuvlar yoshlarning vatanparvarlik, bilim olishga ishtiyoq tuyg‘ularini mustahkamlab, kelajakda o‘z o‘rniga ega insonlar bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shishi shubhasiz.

Nukus shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilarining yillar davomida erishayotgan yutuqlari ortida, albatta, kuchli pedagogik jamoaning g‘ayrat-shijoati, mehnati borligini ta’kidlash joiz. Pedagoglarning aksariyati mamlakat rahbarlari tomonidan munosib rag‘batlantirib kelinmoqda. Jumladan, Ramiyza Jumanova “Do‘stlik” ordeni bilan, Nursuluv Boltaboyeva, Venera Bekmuratova, O‘ngarboy Qurbonov “Shuhrat” medali bilan,  Svetlana Jeleznova “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bo‘lsa, Muhabbat Chilimbetova “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldi.

Hozirgi kunda maktabda 31 nafar  mahalliy va 8 nafar xorijiy o‘qituvchi bo‘lib, shundan 14 nafari oliy, 7 nafari birinchi, 4 nafari II toifali va 6 nafari mutaxassis bo‘lib, 12 nafari O‘zbekiston  va Qoraqalpog‘iston Respublikalari “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni egalari hisoblanadi. Ustozlar orasida o‘z tajribalarini xorijda oshirib kelganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

O‘quvchilarni milliy va jahon madaniyati, diniy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash uchun maktabda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Umuminsoniy, milliy qadriyatlarni singdirish maqsadida milliy va xalqaro bayramlarni, mashhur shaxslarning tavallud sanalarini muntazam ravishda nishonlab borish buning yorqin dalilidir.

Bugungi kunda Prezident maktabi tayanch maktab sifatida yangi ochilgan Kembrij sinflari, respublikadagi 18 ixtisoslashtirilgan maktab va 102 umumta’lim maktabida mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi va o‘qitish metodikasini joriy etish bo‘yicha pedagoglarni o‘qitish, metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.

2024 yilda Nukus shahridagi Prezident maktabi “Eco school Uzbekistan” loyihasi doirasida Ekologik ta’lim fondi (FEE) 7 qadam dasturining oliy mukofoti – Yashil bayroqni qo‘lga kiritdi va “Xalqaro eko-maktab” unvonini olishga muvaffaq bo‘ldi. Taqdirlash marosimida “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi, Yevropa Ittifoqi, BMT va uning tarkibiy tuzilmalarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi rahbarlari ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, xalqaro maktablar kengashi a’zosi bo‘lish ta’lim muassasasining xalqaro darajada tan olinganligini bildiribgina qolmay, ushbu maktablarda o‘qiydigan o‘quvchilarning chet eldagi TOP universitetlarida to‘liq grant yutish imkoniyatini ham oshiradi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA