Akademik bilan uchrashuv

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, akademik Xolboy Ibraimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastlab akademik oliy ta’lim muassasasidagi Ajiniyoz muzeyida bo‘lib, bu yerdagi eksponatlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng institutda yoshlarning o‘qishi, bilim olishi, nazariy bilimlarni mustahkamlash uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, laboratoriyalar, axborot-resurs va IT-inkubatsiya markazlari faoliyatiga yuqori baho berdi.

Tadbir “Akademik va yoshlar” mavzusidagi uchrashuv bilan davom etdi. Unda so‘zga chiqqanlar ilmiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda fikr almashish, tajriba va bilimlarni bo‘lishishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, akademik va yosh tadqiqotchilar, talabalar o‘rtasida muloqot o‘rnatishning samarali usuli ekanligiga alohida to‘xtaldi.

Darhaqiqat, bunday uchrashuvlar yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni ilm-fan, texnologiya, innovatsiya va ijtimoiy rivojlanish sohalaridagi yangiliklar bilan tanishtirishda muhim ahamiyatga ega. Uchrashuvda akademik Xolboy Ibraimov yoshlarga o‘z tajribalari haqida so‘zlab, ularga ilm yo‘lida o‘z o‘rnini topishi uchun maslahatlar berdi.

Shundan so‘ng akademik institut professor-o‘qituvchilari va institut atrofidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi bilan suhbatlashib, ular bilan ilmiy-tadqiqot ishlari, ijtimoiy masalalar, ekologiya, barqaror rivojlanish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha ham fikr almashdi. Uchrashuvlar davomida akademik yoshlarga, professor-o‘qituvchilar va mahallalar aholisi bo‘lgan keksalarga kitoblar sovg‘a qildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri