AQSHdagi kutubxonadan Temuriylarga oid Qur’on qo‘lyozmasining yana bir nusxasi topildi
AQSHdagi yirik kutubxonalardan birida Temuriylar davriga oid Qur’oni Karim qo‘lyozmasining yana bir nusxasi topildi, deb xabar bermoqda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi.
Bu haqda Fransiya Oliy tadqiqotlar markazi professori Karim Ifrak O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan onlayn uchrashuvda ma’lum qildi.
Karim Ifrak 2024 yilda o‘tkazilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans asosi” VIII xalqaro kongress hamda Xalqaro madaniy meros haftaligida ishtirok etib, Temuriylar davrida ko‘chirilgan nodir rangli Qur’oni Karim qo‘lyozmasi haqida qiziqarli ma’lumotlar bergan edi.

Hozirda mazkur qo‘lyozma Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari qatoriga kiritilgan.
Uchrashuv davomida Karim Ifrak AQSHdagi yirik kutubxonalardan birida ushbu qo‘lyozmaning yana bir nusxasi topilganini ma’lum qildi.

Shuningdek, u “Qur’oni Karimning Temuriylar davri qo‘lyozmalari” mavzusida Markaz bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Muloqotda Islom sivilizatsiyasi markazining katta ilmiy xodimi Azimjon G‘afurov, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Izzat Ibrohimov va markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov ishtirok etdi.
Karim Ifrak kelgusi xalqaro anjumanlarda o‘zining yangi kashfiyotlari bilan ishtirok etishini ta’kidladi. Shuningdek, uning “Islomning payg‘ambari: G‘arblik buyuk olimlar nigohidagi besh asr” nomli yangi kitobi nashrga tayyorlanayotgani ma’lum qilindi.
N.Usmonova,
O‘zA