O‘zbekiston delegatsiyasi YeXHT Parlament assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etdi

162

YeXHT Parlament assambleyasining 24 – qishki sessiyasi Vena shahri (Avstriya)da bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi tarkibida Senat a’zosi Gulnora Marufova ham ishtirok etdi.

Tadbirda 51 davlatdan 240 dan ortiq parlament a’zosi ham qatnashdi. Parlament assambleyasining yig‘ilishlarida asosiy e’tibor parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ekologiya, energetika va barqaror rivojlanish masalalariga qaratildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni faol rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish bo‘yicha strategik istiqbollarga bag‘ishlangan ma’ruza bilan so‘zga chiqdi. Shuningdek, ekologik xavfsizlikni mustahkamlash va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq qadamlar va tashabbuslar bildirildi.

Assambleyaning ikkinchi kuni Oliy Majlis delegatsiyasi a’zolarining chiqishlarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovi mamlakatning siyosiy rivojlanishida muhim qadam bo‘lgani ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlarning, shu jumladan, YeXHT Parlament assambleyasi delegatsiyasining ushbu siyosiy tadbirda xalqaro kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etgani ushbu saylovning muhimligi va shaffofligini ko‘rsatgani qayd etildi.

Qishki sessiya chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Markaziy Osiyo mamlakatlari delegatsiyalari va YeXHTning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan birga davra suhbatida ishtirok etdi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.

N.Abduraimova, O‘zA