Oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati farzandlarining akademik natijalariga ta’sir qilmoqda

Barqaror rivojlanishda ta’lim sifati muhim ahamiyat kasb etadi. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ta’lim sifatidagi muammolar aniqlandi.
Tadqiqotda O‘zbekistonda “PISA-2022” so‘rovi orqali olingan natijalardan foydalanilgan. So‘rov mamlakatning turli hududlari bo‘yicha 15 yoshli o‘quvchilarning javoblarini mujassam etgan bo‘lib, uning asosida yaratilgan ma’lumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar o‘quvchini qamrab oladi. Uy-xo‘jaliklari oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga qarab o‘sish tartibida guruhlanganda, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalarning farzandlari quyi o‘nlikdagi oilalarning farzandlariga nisbatan yuqori natija ko‘rsatdi.
Jumladan, matematikadan 43,7 ball, o‘qish fanidan 39,8 ball, tabiiy fanlardan esa 36,7 ball farq bor. Ijtimoiy-iqtisodiy holat indeksining 1 birlikka yaxshilanishi natijalarni matematik fanlardan 9,5 ballga, o‘qish fanidan 9,2 ballga, tabiiy fanlardan esa 7,9 ballga oshiradi.
Tadqiqotga ko‘ra, uy vazifalarini bajarmaydigan o‘quvchilar orasida ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga asosan farqlar mavjud. Uy vazifalarini bajarmaydigan o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi bo‘yicha quyi o‘nlikdagi oilalar farzandlarining 6,7 foizini, yuqori o‘nlikdagi oilalar farzandlarining esa 3,3 foizini tashkil etgan.
O‘quv haftasi davomida haq evaziga mehnat qiladigan 15 yoshli o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga ko‘ra, quyi o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining taxminan har uch nafaridan birini, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa har to‘rt nafaridan birini tashkil etadi. Uy vazifalarini bajarmaslik PISA natijalarini o‘rtacha 16 ballga, haq evaziga mehnat qilish esa 37 ballga pasaytirishi aniqlandi.
Darsdan oldin nonushta qilmaydigan o‘quvchilar soni ham ijtimoiy-iqtisodiy holatga bog‘liq. O‘quv haftasi davomida darsdan avval nonushta qilmaydigan o‘quvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga bo‘yicha quyi o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining 13,6 foizini, yuqori o‘nlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa 9,5 foizini tashkil etadi. Bu holat PISA natijalarini o‘rtacha 20 ballga kamaytirishi aniqlandi. Bunda kambag‘al oilalar farzandlari yuqori daromadli oilalar farzandlariga nisbatan 34 ball kam natija qayd etgan.
MHTI mutaxassislari tomonidan ta’limdagi tafovutni qisqartirish bo‘yicha davlat ta’lim qonunchiligida maqsadli ko‘rsatkichlarni xalqaro test natijalariga asoslanib aniqlash hamda ijtimoiy guruhlar kesimida belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashaydigan barcha hududlarda bepul tushlik va nonushta tizimini joriy etish maqsadga muvofiq. MHTI hisob-kitoblariga ko‘ra, maktablarda bepul tushlik joriy etilishi davomatni 8 foizga oshirish imkonini beradi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA