Joriy yil uy-joy subsidiyalari 1,5 baravarga oshiriladi

171

Joriy yil 21 fevralda “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Farmonga ko‘ra, hududlarda jami 8,1 million m2 dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish, ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish belgilangan.

2025 yilda “Yangi O‘zbekiston” va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

2025 yil 1 martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi.

Farmonga muvofiq, yerni ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

Yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolarida qatnashish, ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat QQSni to‘lovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

Yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish bo‘yicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik va qurilish ishlarini boshlashga 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va ob’ektni foydalanishga qabul qilish muddatlari ko‘rsatiladi.

Auksion savdolarida yer uchastkasini ko‘p kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.

2025 yil 1 martdan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi qurilish tashkilotlariga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan ko‘pi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA