Pep Gvardiola: Abduqodir Husanov juda qobiliyatli o‘yinchi

302

Futbol bo‘yicha Angliya Premer-ligasida 26-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu tur kuchli beshtalikda borayotgan jamoalar orasida faqatgina “Liverpul” va “Nyukasl” uchun omadli o‘tdi.

Gap shundaki, ushbu turda Arne Slot qo‘l ostidagi “Liverpul” jamoasi safarda “Manchester Siti”ni 2:0 hisobida taslim qildi. Darvoqe, mazkur o‘yinda hamyurtimiz Abduqodir Husanov bo‘lmaganida gollar yanada ko‘payishi mumkin edi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, uchrashuvning birinchi qismida Muhammad Salohning ikki bor va Luis Diasning bir bor to‘p kiritishiga metin himoyachimiz to‘sqinlik qildi. O‘yinning ikkinchi yarmida Soboslaining darvozaga bergan zarbasini bloklab, hisobning yiriklashishiga yo‘l qo‘ymadi. Abduqodir qanchalik aniq va tezkor o‘yin namoyish etmasin, uning atrofidagi himoya tizimida o‘ynagan boshqa futbolchilar xatosi sababidan o‘yin boy berildi.

Abduqodirning ushbu ishonchli o‘yini “Sofascore” nashri tomonidan 7,2 ga loyiq ko‘rildi. Shu o‘rinda, futbolchimizning uchrashuvdagi ayrim statistikasi bilan sizlarni tanishtirsak. Futbolchimiz 6 marotaba to‘pni olib qo‘ygan bo‘lsa, bitta zarbaga blok qo‘ydi va raqib o‘yinchisini bir marotaba aldab o‘tdi. To‘p uchun kurashda esa yerda 3 marta, havoda esa 1 marta muvaffaqiyatga erishdi. O‘yin davomida jami 102 marotaba to‘pga tegdi. Aniq uzatmalar soni 87/88, aniqrog‘i, 99 foiz.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola Abduqodir Husanovning o‘yini haqida fikr bildirdi:

“Abduqodir Madridda ham yaxshi harakat qilgandi. Madriddagi o‘yinda o‘ng qanotda harakat qildi va Viniga qarshi yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. “Liverpul”ga qarshi o‘yinda ham u xuddi shunday tez va intizomli harakat qildi. Rivojlantirishi kerak bo‘lgan xislatlar ham bor, biroq u juda qobiliyatli futbolchi”.

Endi Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya Premer-ligasidagi navbatdagi uchrashuvni 26 fevral kuni safarda “Tottenxem”ga qarshi o‘tkazadi. Katta ehtimol bilan mazkur uchrashuvda Abduqodir Husanov asosiy tarkibdan o‘rin oladi.

Bu turda “Arsenal” klubi kutilmaganda o‘z maydonida “Vest Xem”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Uchinchi o‘ringa joylashib olgan “Nottingem Forest” esa safarda “Nyukasl” jamoasiga 4:3 hisobida yengildi.

Garchi “Manchester Siti” mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, musobaqa jadvalida 44 ochko bilan Yevropa chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi to‘rtinchi o‘rinda qoldi.

Darvoqe, mazkur tur yakuniga ko‘ra, “Liverpul” 64 ochko bilan APL jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda borayotgan “Arsenal” esa 53 ochko jamg‘argan. “Nottingem Forest” hisobida 47 ochko bor va bu jamoa uchinchi o‘rindan joy olgan. “Nyukasl” bu turdagi g‘alabadan so‘ng ochkolarini 44 taga yetkazdi va kuchli beshlikni yakunlab berdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA