VII Toshkent xalqaro marafoniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

342

Yoshlar ishlari agentligida VII Toshkent xalqaro marafonini o‘tkazishga bag‘ishlan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov va boshqalar mamlakatimizda so‘nggi yillarda aholini ommaviy sportga jalb etish borasida samarali ishlar olib borilayotgani va bu borada Toshkent xalqaro marafoni yaqqol misol bo‘layotgani, ushbu marafonda yil sayin ishtirokchilar soni jadal oshayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, yirik sport anjumanida chet ellik atletlar ishtirok etayotgani Toshkent xalqaro marafoni dunyo uzra ommalashayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, musobaqaning asosiy starti 13 aprel kuniga belgilangan bo‘lib, ishtirokchilar klassik marafon (42 km.), yarim marafon (21 km.) va 10 km. masofaga yugurish musobaqalarida o‘zlarini sinab ko‘radi. Mazkur marafonning joriy yilda yangilangan yo‘nalishlari “Yangi O‘zbekiston“ bog‘iga tutash yo‘llar bo‘ylab tashkil etiladi.

Asosiy yugurish musobaqasi arafasida aniqrog‘i, 12 aprel kuni “Magic City” bog‘ida an’anaviy “Kids Run” bolalar yugurish musobaqasi, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun inklyuziv yugurish musobaqasi, 3 km. masofaga yugurish musobaqasi, shuningdek, shimoliy yurish bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Bu tadbirlar soat 8:00 da boshlanadi.

VII Toshkent xalqaro marafonining mukofot jamg‘armasi 639 million so‘mni tashkil etadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, erkaklar va ayollar o‘rtasida marafon masofasida O‘zbekiston milliy rekordini o‘rnatganlarga 15 million so‘m, yarim marafon masofasida esa 10 million so‘m ajratiladi.

Marafonda barcha xohlovchilar – fuqaroligidan qat’i nazar, professional sportchilar ham, havaskorlar ham ishtirok etishlari mumkin. 42 km. (marafon), 21 km. (yarim marafon), 10 km. va 3 km. masofalarga yugurish hamda shimoliy yurish musobaqalarida 15 yoshdan oshgan erkaklar va ayollar ishtirok etishlariga ruxsat beriladi.

Asosiy masofalarda (marafon, yarim marafon va 10 km.) qatnashuvchilar quyidagi yosh toifalari bo‘yicha taqsimlanadi:

15-34 yosh, 35-49 yosh, 50 yosh va undan yuqori, erkaklar va ayollar uchun alohida. Har bir toifada 1-3-o‘rinlarni egallagan g‘oliblar taqdirlanadi.

Darvoqe, “Kids Run” bolalar yugurish musobaqalarida 5 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar 1 km. masofaga, 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa 3 km. masofaga yugurishlari mumkin. Yakka tartibdagi ishtirokchilardan tashqari, korporativ jamoalar, tashkilotlar va sport klublari ham marafonda qatnashish uchun ariza berishlari mumkin.

Marafon Sport vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Markaziy Osiyo yugurish va yurish akademiyasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi hamda Markaziy Osiyo yengil atletika uyushmasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Tadbir Mudofaa vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, “O‘zbekneftgaz“ AJ, O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasi, Milliy axborot agentligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yengil atletika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi, havaskor yugurish klublari ko‘magida o‘tkazilmoqda.

Toshkent marafoni xalqaro sport tadbiri sifatida tan olingan va World Athletics (Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi) musobaqalari taqvimiga kiritilgan. Marafonning yangilangan trassasi AIMS (Xalqaro marafonlar va ommaviy yugurish musobaqalari assotsiatsiyasi) tomonidan “A“ toifasidagi rasmiy trassa o‘lchovchisi ishtirokida sertifikatlashdan o‘tkazildi. Bu esa uning jahon standartlariga muvofiqligini kafolatlaydi.

Ma’lumot o‘rnida: VII Toshkent xalqaro marafonida ishtirok etuvchilar soni hozirga kelib, 1 ming 500 nafarga yaqinlashdi va ular orasida 28 ta turli davlat fuqarolari bor. Mazkur musobaqa uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni davom etmoqda.

Anjuman so‘ngida OAV vakillarining savollariga atroflicha javob berildi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA