O‘zbekiston va Kanada: ikki davlat o‘rtasida ko‘pqirrali munosabatlar yanada rivojlanadi

Oliy Majlis Senatiga Kanadaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Kristofer Duggan tashrif buyurdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva elchi Kristofer Duggan bilan uchrashuvda diplomatni vazifasiga kirishishi bilan qutlab, uning O‘zbekiston va Kanada o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Markaziy Osiyo va dunyoning nufuzli davlatlari bilan ochiq, pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari bilan mamlakatning jahon maydonidagi yaqin hamkorlari soni ortib bormoqda va nufuzi yuksalmoqda.

O‘zbekiston – Kanada hamkorligi yo‘lga qo‘yilganidan buyon o‘zaro munosabatlarda bir qator ijobiy natijalar qo‘lga kiritilib, savdo-iqtisodiy hamkorlik rivoj topdi. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida 40 dan ziyod qo‘shma loyihalar mavjud. Ularning 10 tasi Kanada ulushiga to‘g‘ri keladi.
Lekin hali ro‘yobga chiqmagan katta salohiyat va imkoniyatlar ham bor. Ta’kidlanganidek, ular ishga solinsa, ikki davlat o‘rtasida ko‘pqirrali munosabatlar yanada rivojlanadi. Investitsiya, fan-ta’lim, turizm kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.
– Aholisi qariyb 38 millionga yetayotgan O‘zbekistonda har yili 600 ming nafar yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Kanadada ham ishchi kuchidan samarali foydalanish muhim sanaladi. Shu bois, yoshlarni mehnatga jalb qilishda ham o‘zaro tajriba almashish joriy etilsa, o‘zaro munosabatlar yangi bosqichga ko‘tariladi, – dedi Senat Raisi.
Suhbat davomida ikki davlatning birodarlashgan shaharlari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, investitsiya kiritish orqali savdo-iqtisodiy hamkorlikda yuqori natijalarga erishish imkoniyatlariga urg‘u berildi. Bugun dunyo ahlini o‘ylantirayotgan yashil olamni asrashda birlashish lozimligi ta’kidlandi.
Tomonlar parlamentlararo aloqalarni hamkorlik bo‘yicha do‘stlik guruhlari faolligini oshirgan holda izchil davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Bunda aniq maqsadli rejalar ishlab chiqib, qonunchilik, inson huquq va manfaatlari yo‘lida birgalikda ish olib borishdan tomonlar manfaatdor ekani qayd etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA