Yaratilayotgan imkoniyatlar eksportchi korxonalar soni ortishiga xizmat qilmoqda

256

Yurtimizda eksportchi korxonalarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar joriy qilingan.

Xususan transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, xalqaro standart sertifikatlari joriy etilganda, ularning to‘lovlari ham davlat tomonidan qoplanadi. Xalqaro ko‘rgazmalar, yarmarkalarda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlashda ham xarajatlarning ma’lum bir qismi to‘lab beriladi.

Bundan tashqari, eksportchi korxonalar eksportga chiqayotgan mahsulotlar uchun yagona soliq va foyda solig‘idan ozod etilgan. Deylik, bir korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotining 30 foizini eksport qilsa, o‘sha 30 foiz mahsulot uchun foyda va yagona soliqdan ozod etiladi. Eksportchi korxonalar uchun yana bir soliq imtiyozi bor. Ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib olish imkoniyati yaratilgan.

Mikrokreditbank ATB tomonidan ham eksportchi korxonalarni jumladan, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning loyihalari moliyalashtirilib kelinmoqda.

Birgina 2024 yilda 150 ta Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 804,7 mlrd. so‘mlik loyihalari moliyalashtirilib, 1,97 mln. dollar miqdorida eksport tushumi amalga oshirildi.

Joriy yilda esa 330 dan ortiq Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 1,2 trln. so‘mlik loyihalari moliyalashtirilish rejalashtirilgan.

Misol uchun, 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Xojeli un mahsulotlari” korxonasiga aylanma mablag‘ni to‘ldirish va bug‘doy sotib olish uchun 12 oy muddatga 600 ming dollar miqdorida kredit ajratildi. Buning natijasida 2024 yil davomida 1,8 mln. dollar miqdorida un mahsulotlari eksportini amalga oshirdi. Quvonarlisi, ushbu korxonada doimiy ishchilar soni 65 nafarni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun “Xojeli un mahsulotlari” korxonasi bankning moliyaviy ko‘magida tashkil qilingan bo‘lib, 2022-2024 yillarda 2,2 mln. dollar miqdorida kreditlar ajratilgan. Ayni paytda korxonada bug‘doy qayta ishlanib, yuqori navli un mahsuloti nafaqat xalqimiz dasturxoniga, balki xorijga ham eksport qilinmoqda. Korxona kuniga 200 tonna un mahsulotini ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bank tomonidan eksport bilan shug‘illananib, milliy mahsulotlarimizni jahonga olib chiqayotgan, bu orqali davlatimizning iqtisodiy salohiyati ortishiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarni imtiyozli shartlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi.

O‘zA