Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish dolzarb vazifa

205

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, xususan, kiberjinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rektori Quvondiq Qodirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyar Torebekov, vazirlikning bir qator mas’ullari, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mas’ul mutaxassislar va talabalar ishtirok etdi.

Bugungi kunda global axborot maydonida kibermakon bilan bog‘liq bo‘lgan yangi-yangi tahdidlar paydo bo‘lmoqda. Shu bois, virtual olamdagi hujumlardan himoyalanish masalasi jahon hamjamiyatini chuqur o‘ylantirmoqda. Dunyo bo‘ylab har yili 500 milliondan ortiq kiberhujum uyushtiriladi. Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda bu turdagi jinoyatlar soni ko‘payib, bank-moliya operatsiyalari orqali o‘zgalarning plastik kartasidagi mablag‘larni o‘zlashtirish, zararli viruslar tarqatish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlar, diniy aqidaparastlikka yo‘naltirilgan axborot xurujlari, onlayn savdo maydonidagi firibgarliklar kabi holatlar uchramoqda.

Achinarli jihati, axborot texnologiyalari yordamida huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan shaxslar orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Respublikada virtual olamdagi qonunbuzarliklarning aksariyati 16-23 yosh oralig‘idagi yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasi bugun har qachongidan ham dolzarbdir.

Tadbirda mutaxassislar tomonidan yoshlar o‘rtasida bunday holatlarning oldini olish, kiberjinoyatchilikning huquqiy oqibatlari haqida ma’lumot berilib, kelgusida qilinadigan ishlar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri