Ar-Riyodda Rossiya va AQSH vakillari uchrashdi

“Arab News” xabar berishicha, seshanba kuni Rossiya va AQSH Ukraina bilan urushni tugatish, diplomatik va iqtisodiy aloqalarni yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatni boshlashga kelishib oldi.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ta’kidlashicha, muloqotdan uch asosiy maqsad ko‘zlangan: Vashington va Moskvadagi elchixonalar xodimlarini yangilash, Ukraina bilan tinchlik muzokarasini qo‘llab-quvvatlash uchun yuqori darajali guruh yaratish hamda yaqin aloqa o‘rnatish, iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etgan muzokara bu ikki buyuk davlat o‘rtasidagi muloqotning qayta boshlanishi bo‘lgani, hali ko‘p ish qilinishi kerakligi ta’kidlangan.
Uchrashuvda Ukrainadan vakil qatnashmagan.
Rossiya va AQSH o‘rtasidagi aloqalar ayni payt eng past darajaga tushib ketgan. Har ikki elchixona bir necha yil davomida ko‘p sonli diplomatlar chiqarib yuborilishidan sezilarli zarar ko‘rgan. AQSH Yevropa davlatlari bilan birga Rossiyaga qarshi qator sanksiyalar kiritgan. Ittifoqchilar Moskva iqtisodiyotiga zarar yetkazish choralarini bir necha bor kuchaytirgan.

Bumuloqot Tramp va Rossiya Prezidenti o‘rtasidagi sammitga yo‘l ochishi kerak edi. Muzokaradan so‘ng Putinning tashqi ishlar bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakov Rossiya Birinchi kanaliga bergan intervyusida uchrashuv sanasi hozircha belgilanmagani, kelasi hafta bo‘lib o‘tishi “ehtimoli yo‘q”ligini bildirdi.
Lavrov jurnalistlarga “suhbat juda foydali bo‘lgani”ga ishonishini aytdi va xuddi Rubio kabi uch maqsadni tilga oldi. Vashington va Moskva Ukraina bo‘yicha “muntazam maslahatlashuv” o‘tkazish uchun vakillar tayinlashga kelishib olganini qo‘shimcha qildi.
– Biz bir-birimizni nafaqat tingladik, balki eshitdik ham, – dedi u. – Amerika tomoni yondashuvimizni yaxshiroq tushuna boshladi, deb ishonishimizga asos bor. Biz o‘z qarashimizni yana bir bor, aniq misollar yordamida, Prezident Putin bir necha bor bergan bayonotlar asosida batafsil bayon qildik.
Xullas, 2022 yil 24 fevralda boshlangan harbiy amaliyotdan so‘ng ilk bor keng ko‘lamli aloqa o‘rnatildi. Lavrov va AQSHning o‘sha paytdagi Davlat kotibi Entoni Blinken qariyb ikki yil avval Hindistonda bo‘lib o‘tgan G-20 yig‘ilishi chog‘ida qisqacha gaplashgan, biroq taranglik saqlanib qolgandi.
Darvoqe, uchrashuv Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon hamda davlat vaziri va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Musaid Al-Ayban ishtirokida kechgan.
Qayd etilishicha, muzokara Tramp va Putinning joriy yil 12 fevraldagi telefon orqali suhbati davomi sifatida tashkil etildi. Rubioning yonida Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va ikki tomonlama munosabatni qayta tiklash uchun tanlangan maxsus elchi Stiv Uitkoff ham bor edi. Lavrovga esa RF yetakchisi yordamchisi Yuriy Ushakov hamrohlik qildi.
Tomonlar quyidagilarga kelishib olgan:
Ikki tomonlama munosabatga ta’sir qiluvchi muammolarni hal etish uchun maslahatlashuv mexanizmini yaratish va diplomatik missiyalar me’yorida faoliyat yuritishi uchun zarur choralar ko‘rish;
Ukrainadagi mojaroni tezroq tugatish uchun barqaror, uzoq muddatli va barcha tomonlar uchun maqbul yo‘lni ishlab chiqish maqsadida tegishli yuqori darajali ishchi guruhlarni tayinlash;
Kelgusi hamkorlik uchun asos yaratish, mojaroga barham berilgach, yuzaga keladigan geosiyosiy manfaat va iqtisodiy-investitsion imkoniyatni o‘rganish.
Ishtirokchilar jarayon izchil va samarali davom etishini ta’minlash uchun doimiy aloqada bo‘lishga kelishib oldilar.
– Birgina telefon qo‘ng‘irog‘i yoki bir uchrashuv barqaror tinchlik o‘rnatish uchun yetarli emas, amaliy choralar ko‘rish lozim, – deyilgan maxsus bayonotda. – Bugungi uchrashuv ayni yo‘lda tashlangan muhim qadamdir.
Eslatib o‘tamiz, Ar-Riyodda mahalliy vaqt bilan soat 10:30 da boshlangan Rossiya va AQSH muzokarasining birinchi qismi taxminan 2,5 soat cho‘zildi. Tomonlar 15 daqiqalik tanaffusdan keyin muloqotni tushgacha davom ettirishdi.
Ushakov tadbir muvaffaqiyatli o‘tgani, tomonlar kelgusida bir-birining manfaatini hisobga olishga kelishib olganini ma’lum qildi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA