Futbolchilarimiz guruh peshqadamligi uchun maydonga tushadi

238

Xitoyda futbol bo‘yicha U20 yosh toifasidagi Osiyo kubogi guruh bosqichining 3-tur o‘yinlari davom etmoqda.

Kecha “A” guruhida 3-tur o‘yinlari yakunlandi. Unda Avstraliya 2:1 hisobida Xitoy termasidan ustun keldi. Qatar esa Qirg‘izistonni yirik – 4:0 hisobida taslim qildi. Mazkur qayd etilgan natijalardan so‘ng Avstraliya 9 ochko bilan peshqadam sifatida chorak finalga yo‘l olgan bo‘lsa, Xitoy ikkinchi o‘rin sohibiga aylanib, navbatdagi bosqich ishtirokchisiga aylandi. Qatar 4 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinda qoldi. Qirg‘iziston uch mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onani egalladi.

Endi Avstraliya 1/4 finalda “B” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan terma jamoa bilan raqobatlashadi. Xitoy esa mazkur guruh g‘olibiga qarshi yarim final yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Bugun, 19 fevral kuni “B” guruhida Iroq – Iordaniya va Saudiya Arabistoni – KXDR qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz.

Shuningdek, “S” guruhida O‘zbekiston va Eron U20 terma jamoalari guruh peshqadamligi uchun kuch sinashadi. Bu guruhdagi ikkinchi o‘yin esa Indoneziya va Yaman jamoalari o‘rtasida kechadi.

Ma’lumot o‘rnida: “S” guruhida terma jamoamiz peshqadamga aylansa, “D” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa bilan to‘qnash keladi. Ikkinchi o‘rinda qolsak, “D” guruhi g‘olibi bilan bahs olib boramiz.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA