Talaba-qizlar soni o‘n bir karra ko‘paydi

239

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti davom etmoqda.

Ilgari oliy ta’limda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.

Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba-qizlar soni o‘n bir karra ko‘paydi.

–Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, ma’rifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, ma’rifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yanada jadal davom ettiramiz, – dedi Prezident.

O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda uch barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.

Endi, Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng mas’ul bo‘lishi belgilandi.

O‘zA