“Lochinlar” keyingi bosqichga yo‘llanma oldi

228

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab va maktab-internatlar o‘quvchilari hamda “Vatan tayanchi” otryad a’zolari o‘rtasida “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bosqichi o‘tkazildi.

Unda shahar va tumanlardan jami 20 ta jamoa ishtirok etdi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada jamoalar safda yurish va saf elementlarini bajarish, saf qo‘shig‘ini ijro etish, AK-74 o‘quv qurolini qismlarga ajratish va yig‘ish, “Mohir mergan” (10 m masofadan otish), kamondan o‘q otish, umumqo‘shin himoya vositalarini kiyish, turnikda tortilish, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatish va “Temur tuzuklari” bilimdoni kabi shartlarni jamoaviy va yakka tartibda bajarib, g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.

Musobaqa yakunida I.Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan ijod maktabining “Lochinlar” jamoasi birinchi, Qorao‘zak tuman ixtisoslashtirilgan maktabining “Tebrenbes” jamoasi ikkinchi, Nukus Prezident maktabining “Vatanparvar” jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi.

G‘olib jamoalar hamda yuqori ball bilan g‘alaba qozongan ishtirokchilar nominatsiyalar bo‘yicha diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular ongiga milliy qadriyatlarni chuqur singdirish, yoshlarda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasida saralangan jamoalar ikkinchi – respublika bosqichida aprel oyining ikkinchi yarmida Toshkent shahrida bellashadi.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri