Prezident raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun joylardagi 310 ta sport maktablari milliy terma jamoalarning “seleksiya bazasi”ga aylanadi.

Barcha viloyatlardagi sport boshqarmalari boshliqlari hamda barcha sport maktablari direktorlarining faoliyatini tubdan kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Sport boshqarmalari boshliqlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan uch oylik sinov tayinlandi.

Mutasaddilarga har bir maktab bo‘yicha aniq maqsadlarni belgilab, uch yillik dastur qilish topshirildi.

Jismoniy tarbiya universiteti, Nukus, Farg‘ona, Samarqand kabi sport fakulteti bo‘lgan oliygohlar professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, bitiruvchi kurs va magistratura talabalarini olti oyga sport maktablariga biriktirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Ular diplom ishi va dissertatsiyalarini bevosita joylardagi muammolardan kelib chiqib yozishi va ularga amaliy yechim berishi muhimligi ta’kidlandi.

Oliygoh rektorlari yangi metodika va yondashuvlarni bevosita shu yerda joriy qilib, sport maktablarini dual ta’limning ilmiy-amaliy bazasiga aylantiradi.

O‘zA