Prezident raisligida 2028 yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Hokimlarning ham ayrim sport turlaridagi mavjud salohiyatni to‘liq ishga solish borasidagi mas’uliyati umuman sezilmayotgani qayd etildi. Ular sport federatsiyalarining hududiy bo‘limlari rahbarlarini tanimasligi, sportchi va trenerlarni qabul qilmasligi, sportchilar xalqaro musobaqada natija qilganidan keyingina bundan xabar topishi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, o‘tgan yili olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatlarida sportchilarimiz 58 ta medal qo‘lga kiritdi. Lekin Navoiy, Surxondaryo va Qashqadaryo sportchilari bu chempionatlarda birorta ham medal olmagan.

Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritilgan litsenziyalar Navoiy  va Qoraqalpog‘istonda eng kam.

Shu bois yondashuvlarni hozirdan o‘zgartirib, yoshlarni sportga, ayniqsa, olimpiya sport turlariga tayyorlash, ularni seleksiya qilish, iqtidorli sportchi va murabbiylarni rag‘batlantirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sportda adolat o‘rnatish, sportchi va murabbiylarga manfaat olib kelish va sohani raqamlashtirish mutasaddilar, sport federatsiyalari rahbarlari va hokimlar faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘lishi belgilab olindi.

O‘zA