“Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusidagi uchrashuv

Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va gender tenglik masalalari bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ular erkaklar bilan teng huquqli bo‘lib, mamlakatimizda turli sohalar rivojiga hissa qo‘shayotgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ayniqsa, ilm-fanning zalvorli yukini tortib kelayotgan xotin-qizlarning mehnati har qanday tahsinga loyiq.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – talaba-qizlarni ilm-fanga jalb etish, ularning o‘z ustida izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va kasbiy fidoyiligini oshirishdan iborat.
Filial direktorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi O.Qidirniyazova so‘nggi yillarda yurtimizda ilm-fan, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish yo‘nalishida, ayniqsa, jamoat ishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan xotin-qizlarning mehnatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti va “Do‘stlik” ordeni sohibasi, Qoraqalpog‘iston xalq baxshisi, “Xalq ijodiyoti” kafedrasi mudiri, professor, Gulbahor Aximbetova ishtirok etib, ilm yo‘lidagi tajribalarini bayon etdi.
Uchrashuvda G.Aximbetova o‘zining mehnat yo‘li, ilm-fan sohasida erishgan yutuqlari va qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlari haqida so‘zlab berdi. Shu bilan birga oliy ta’lim sohasidagi yangiliklar, yurtimizning san’atdagi yutuqlari, ilm-fan olamining chuqur sirlari haqida batafsil ma’lumot berib, yoshlarga Prezidentimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajakda o‘z kasbiga sodiq yetuk kadrlar bo‘lib yetishishga chaqirdi.
Sana munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining Nukus filialida bo‘lib o‘tgan “Chorvachilik va veterinariya sohasida olima ayol-qizlarning tutgan o‘rni” mavzusida uchrashuv ham barchada katta taassurot qoldirdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA