Xotin-qizlar forumida muhim tashabbuslar ilgari surildi

180

Nukusda “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat banki tashabbusi bilan “Mehnat va samara” shiori ostida I xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Yaponiyaning Yamagata universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin qizlar qo‘mitasi, “Hamroh” xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamda Yoshlar ishlari agentligi ko‘magida o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilari dastlab “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida o‘z faoliyatini boshlagan xotin-qizlarning ishlab chiqarish va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, O‘zbekiston Respublikasi “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat banki Biznesni rivojlantirish departamenti direktori D.Aminov, Xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga biriktirilgan vakili B.Sultanov va boshqalar so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, shu orqali daromadini oshirishga qaratilayotgan alohida e’tiborga, shuningdek, mazkur forumning maqsad va vazifalariga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, tadbirni o‘tkazishdan maqsad davlatimiz rahbarining 2024 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, mamlakat iqtisodiy hayotida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ayollar tadbirkorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishdan iboratdir.

Forumda dastlab “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida imtiyozli kreditlardan foydalanib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda 30 nafarga yaqin hunarmand, tadbirkor ayol o‘zlarining 50 turdan ortiq mahsulotini namoyish qildi.  Qoraqalpog‘istonlik 150 nafardan ortiq tadbirkor va ishbilarmonlar, shuningdek, tadbirkorlikka qiziqqan xotin-qiz ishtirok etgan  ko‘rgazmada namoyish etilgan mahsulotlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirda Yaponiyaning Yamagata universiteti professorlari ushbu davlatning  kichik biznesni rivojlantirish  tajribalari hamda KAIZEN va LEAN uslublaridan foydalanib biznesni yuritish borasidagi o‘z tajribalarini bayon qildi. Forumda “Biznesni rivojlantirish banki” aksiyadorlik-tijorat banki, Yaponiyaning Yamagata universiteti professorlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan U-HOPE dasturi bo‘yicha o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan trenerlarga sertifikatlar topshirildi.

– So‘nggi yillarda Orolbo‘yida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ishbilarmon ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeyini oshirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Tadbirkor ayol“ xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi raisi o‘rinbosari Zoya Qaliyeva. – Ushbu  tadbir xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bilim va tajribasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda  tadbirkorlik sohasida muvaffaqiyatga erishib kelayotgan yosh xotin-qizlar o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA