Hamyurtimiz Javohir Sindorov Germaniyaning Vayssenxaus shahrida o‘tayotgan “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turnirida tarixiy natijaga erishdi.

Iste’dodli shaxmatchimiz betakror o‘yinlari natijasida mukofot jamg‘armasi 750 ming AQSH dollaridan iborat turnirning 1/2 final bosqichiga chiqdi.

Ortda qolgan 1/4 final bahsining ilk uchrashuvida amerikalik Xikaru Nakamura bilan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, kecha o‘tkazilgan javob o‘yinida ham durangga erishdi.

Kuchlar teng kelganda o‘tkaziladigan tay-brekning birinchi uchrashuvida Sindorov qora donalarda raqibini taslim etdi. Ikkinchi o‘yinda oq donalarda harakatlangan Javohir AQSH vakiliga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Sindorovdan mag‘lubiyatga uchragan Nakamura 5-8-o‘rinlar uchun kechadigan uchrashuvda Nodirbek Abdusattorov, Gukesh Dommaraju va Alireza Firuzja bilan kurash olib boradi.

Aytish lozim, Nodirbek Abdusattorov chorak finalning dastlabki bahsida bo‘lganidek, ikkinchi “duel”da ham sobiq jahon chempioni norvegiyalik Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Yarim finalning qolgan omadli shaxmatchilari nomiga Fabiano Karuana va germaniyalik Vinsent Kaymer sazovor bo‘ldi.

Bugun o‘tkaziladigan yarim finalning ilk o‘yinida Javohir Sindorov Fabiano Karuana bilan, Vinsent Kaymer Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ keladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA