Tailandning Pxitsanulok provinsiyasida o‘tkazilayotgan veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionati doirasida ayollar o‘rtasidagi individual vaqt poygasi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, tajribali velosportchimiz Yanina Kuskova munosib qatnashdi. Yanina chempionatning mazkur yo‘nalishida belgilangan masofani 42 daqiqa 50.566 soniyada bosib o‘tdi va oltin medalga ega chiqdi. Uning ortidan marraga Safiya Al Sayex (BAA) va Tsuyaka Uchino (Yaponiya) yetib keldi.

Shuningdek, veloshosse bo‘yicha Osiyo chempionati doirasida o‘tkazilgan U23 qizlar o‘rtasidagi individual vaqt poygasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Asal Rizayeva yakunda sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Shunday qilib, delegatsiyamizning musobaqa doirasida qo‘lga kiritgan medallari soni  3 ta oltin va 1 ta bronzaga yetdi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA