Navoiy ijodi – beqiyos ma’naviy xazina
FOTOREPORTAJ
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan “Navoiy adabiy merosi va ma’naviy qadriyatlar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya hamda adabiy kecha bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda institutning o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchilari “Navoiy g‘azallarida ohanglar uyg‘unligi”, “Navoiy va hozirgi davr”, “Hofiz Xorazmiy va Navoiy asarlari tilining qiyosiy tahlili”, “Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanida tarixiylik va badiiylik” mavzularida ma’ruzalar qildi.
Ta’kidlanganidek, shoirning boy va serqirra ijodi nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki jahon adabiyotida ham salmoqli o‘ringa ega. Navoiy lirik, epik va falsafiy asarlari bilan XV asr adabiyotida chuqur iz qoldirgan. Hozirgi vaqtda ham butun dunyo xalqlari Navoiy asarlarini sevib o‘qiydi. “Xamsa” dostoni Navoiy ijodining eng yuksak cho‘qqisidir. Bu asar o‘zbek adabiyotining shuhratini dunyoga namoyon etib, jahon adabiyotining eng yaxshi namunalaridan biriga aylangan.
Tadbirda Alisher Navoiyning adabiy merosini o‘rganish, qayta nashr etish, xalqqa yetkazish ishlari mustaqillik davrida yuksak e’tibor kasb etgani alohida qayd etildi.
Talabalar tomonidan shoir g‘azallaridan namunalar o‘qildi. Turkiy tillar fakultetining iqtidorli yoshlari ijrosidagi Alisher Navoiy hayoti va ijodi aks etgan badiiy-adabiy ko‘rinish barchaga manzur bo‘ldi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA