Samira Ismoilova Osiyo chempionatida tengsiz

282

Tailandning Pxitsanulok provinsiyasida davom etayotgan velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati doirasida yosh qizlar o‘rtasidagi individual vaqt poygasi tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Samira Ismoilova eng yaxshi natijani qayd etib, oltin medalga ega chiqdi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Osiyo chempionatida hozirga kelib velosportchilarimizning medallari soni 9 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronzaga yetdi.

Ushbu muvaffaqiyatlar mamlakatimizda barcha sport turlari kabi velosportga qaratilayotgan ulkan e’tibor natijasidir. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan sport sohasida olib borilayotgan to‘g‘ri siyosat va ulkan g‘amxo‘rliklar velosportni aholi o‘rtasida yanada ommalashishiga hizmat qilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 24 sentayabrdagi «Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ushbu soha rivojiga muhim dasturilamal bo‘layotir.

Jumladan, o‘zbekistonlik velosportchilar 2024 yilda ilk bor Olimpiadada eng ko‘p – to‘rt yo‘llanmani qo‘lga kiritgan bo‘lsa, “Tour de Franse”, “Giro dʼItalia” kabi dunyodagi eng nufuzli poygalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Umid qilamizki, joriy yilda ham bu kabi muvaffaqiyatlar bardavom bo‘ladi.

Darvoqe, Tailandda o‘tayotgan Osiyo chempionati oldidan o‘tkazilgan Osiyo velosport konfederatsiyasi kongressida yurtimiz sporti uchun yana bir tarixiy voqelik ro‘y berdi.

O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kozim O‘rinboyxo‘jayev Osiyo velosport konfederatsiyasining Bosh kotibi etib saylandi.

E’tiborlisi, bu O‘zbekiston velosportida tarixiy o‘rin tutadi. Boisi, K.O‘rinboyxo‘jayev Osiyo velosport konfederatsiyasi mas’ul lavozimiga saylangan ilk o‘zbekistonlik bo‘ldi.

Bu muvaffaqiyatlar va o‘zbek velosporti mutaxassislarining dunyoda e’tirof etilishi bejiz emas.

Mazkur tarixiy muvaffaqiyatlar zamirida  O‘zbekiston velosport federatsiyasi va Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva tomonidan tizimli ishlar olib borilayotgani, federatsiyaning mintaqaviy bo‘linmalari faoliyati tubdan o‘zgartirilgani va murabbiy, sportchi, mazkur sport turiga oid barcha xodimlar uchun kerakli sharoitlar yaratilingani yotibdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA