Yoshlar – Yangi O‘zbekistonning qanoti

208

O‘tgan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etilib, asosiy e’tibor ularni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish, ko‘nikma, qiziqish va iste’dodini rivojlantirishga, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.

Jumladan, “Yoshlar balansi”ni shakllantirish maqsadida

2024 yilning yanvar oyida mahalla yoshlar yetakchilari tomonidan har bir xonadonga kirgan holda yoshlarning muammolari va qiziqishlarini o‘rganish orqali 447 ming 460 nafar yosh xatlovdan o‘tkazildi. Natijada “yashil” toifadagi yoshlar soni 284 ming 298, “sariq” toifadagilar 163 ming 162, “og‘ir” toifadagilar 5 ming 82 nafarni tashkil etdi.

– Xatlov yakuni bo‘yicha otaliqqa olinadigan 205 ming 459 nafar yosh alohida e’tiborga muhtoj “og‘ir” toifadagi,  jinoyatga moyil, ishsiz, tashqi migrasiyadagi, oliy ta’lim muassasalari talabalari, professional ta’lim muassasalari hamda  maktab o‘quvchilari kabi 7 ta toifaga ajratildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Polat Maxsetbayev. – Otaliqqa olingan yoshlar bilan mahallalarda olib borilgan suhbat natijasida ular o‘rtasida 17 ming 947 ta muammo aniqlanib, 14 ming 967 ta muammo ijobiy hal qilindi. Jumladan, 790 marotaba mehnat yarmarkasi tashkil etilib, 5  ming 593 nafar yoshning bandligi ta’minlashiga, 1 ming 290 nafari kasb hunarga o‘qitish, 531 nafariga subsidiya asosida uskuna, 1 ming 941 nafariga kredit ajratilib, 4 ming 217 nafar yoshning boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muammolari hal etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 13 sentyabr kungi “Uyushmagan yoshlar orasida huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini yagona yondashuv asosida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ming 361 nafar jinoyatchilikka va huquqbuzarlikka moyil bo‘lgan yoshning ro‘yxati shakllantirilib, shahar va tuman huquq-tartibot idoralarining rahbar va o‘rinbosarlariga, shuningdek, harbiy qismlar komandirlariga biriktirildi.

Tarbiyasi og‘ir yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ular bilan manzilli ishlash maqsadida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugidagi harbiy qismda maxsus dastur asosida 4 marotaba “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik yig‘inlari o‘tkazilib, ularga 400 nafar yosh qamrab olindi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi kubogi uchun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablaridagi “Vatan tayanchi” otryadlariga a’zo bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining O‘zbekiston Respublikasi bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ishtirok etgan Qonliko‘l tumani 2-son umumta’lim maktabining “Lochinlar” jamoasi, “Yosh qutqaruvchi” musobaqasida Nukus shahridagi 31-sonli maktab jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

“Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida elektron onlayn auksion savdolari orqali jami 5 ming 58 gektar yer maydoni 7 ming 672 nafar yoshga ajratib berildi. Shundan, 672 nafari dehqon xo‘jaligi,  672 nafar o‘zini-o‘z band qilib ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yoshlar ajratilgan yer maydonlaridan jami 61 milliard so‘m daromad oldi.

Joriy 2025 yilda xatlov yakunlari bo‘yicha otaliqqa olinadigan yoshlarning dunyoqarashini o‘zgartirish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashilib, ularning ijtimoiy va maishiy muammolarini ijobiy hal etish choralari ko‘riladi.  “Yoshlar balansi” asosida 4,5  ming nafar “og‘ir” toifadagi va  huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan va voyaga yetmagan yoshlar bilan individual profilaktik va psixologik suhbatlar o‘tkazilib, ularning dunyoqarashini o‘zgartirish orqali hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashiladi. “Yoshlar bandlik dasturi” orqali 15,1 ming nafardan ortiq ishsiz yoshni kasb-hunarga o‘rgatish, ekin yer maydonlari, kredit va subsidiyalar ajratish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi va doimiy daromad bilan ta’minlanadi.

Mehnat bozoriga birinchi marotaba kirib keluvchi 19 ming nafardan ortiq bitiruvchining bandligi ta’minlanib, ularni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida har biri bilan individual ishlar olib boriladi. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2025 yilgi mavsumi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun 550 ming nafardan ortiq yosh onlayn ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlanadi. “Kelajak kasblari”, “Ustoz AI”, “Qizlar akademiyasi” loyihalarini amalga oshirish orqali 100 ming nafardan ortiq yoshni zamonaviy kasblarga o‘qitish, “Zakovat”, “Shaxmat”, “Munozara” va boshqa shu kabi intellektual o‘yinlar o‘tkazish orqali 90 ming nafar yoshni iqtidorini rivojlantirish ishlari olib boriladi.

Orolbo‘yidagi ekologik muammo va ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga keng jamoatchilikni, ayniqsa, yoshlarni jalb etilib, o‘rmonzorlar barpo etish maqsadida “Orolni mehr qutqaradi” loyihasi amalga oshiriladi. Atrof-muhitni asrash va yoshlar orasida daraxt ekish tashabbuslarini ommalashtirish maqsadida “Har bir yoshga bir nihol” aksiyasini o‘tkazish orqali barcha tumanlarda “Yoshlar bog‘i” tashkil etiladi. Hududlardagi turli jamoat joylarini chiqindilarni yoshlar ishtirokida tozalash maqsadida “Toza shahar” (Toza hudud) yoshlar aksiyasi o‘tkaziladi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA